Qushlar bilan tillashayotgan hunarmand
Marg‘ilon shahridagi “Tuyagum” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ne’matjon Rustamov maxsi tikuvchi hunarmandlar sulolasining beshinchi avlodi. Shu bilan birga noyob va nodir qushlarni parvarishlash, ko‘paytirish hadisini olgan. Xonadonda bo‘lgan kishi shoxdan shoxga qo‘nib, sayrayotgan qimmatbaho qushlar chiroyidan bahra oladi. Bu yerda 12 turga mansub, 100 ga yaqin qushlar parvarishlanyapti. Aytishlaricha, bu ish nafaqat huzurbaxsh mashg‘ulot, balki yaxshi daromad manbai ham hisoblanadi. Ayrim qushlarning narxi 1,5 ming dollargacha baholanar ekan.
Masalan, oddiy ”Amadinka” qushi 13 kunda 6-7 tagacha bolalaydi. Bir juft qush 150 ming so‘mdan sotilyapti. Jo‘ja olish mavsumi erta ko‘klamdan boshlanib, noyabr oyiga qadar davom etishi hisobiga olinsa, daromad salmog‘ini chamalab olish qiyin emas. Xonadon egalari mavsumda 1000 juftdan ortiq noyob qushlar parvarishlab bozorga chiqaradi.

– Bu ish odamga zavq-shavq, kuch-quvvat bag‘ishlaydi,–deydi Ne’matjon aka qushlariga don sochish asnosida.–Toliqib qolgan damlarda kushlarning beozor xonishlari, shoxdan shoxga sakrab o‘ynashi, turfa ranglarda tovlanib jilovlanishlaridan bahra olaman, suv, don sochib parvarishlayman. Qushlar bilan tillashish oson emas, albatta. Bu kishidan sabr-bardosh, qalb go‘zalligini talab qiladi. Ozgina e’tiborsizlik, noo‘rin harakatlar bilan ularga ozor berib qo‘yish mumkin. Farzand va nabiralarimni ham ularga yaxshi munosabatga bo‘lishga chorlayman.

Dastlab, to‘rt juft qushlar parvarishidan boshlagan tadbirkor xonadonida bugunga kelib, 12 turda, yuz boshdan ortiq chiroyli va sayroqi qush namunalari bor. Bu yerda ular uchun mo‘’jaz uyalar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgan. Xonadonda bo‘lib bir-biriga oshifta “kuy chalayotgan” qushlarning betakror navolaridan bir dam bahra oldik.

– Qushlar parvarishi mahallamizning ”drayver” sohasiga aylanib bormoqda, –deydi fuqarolar yig‘ini raisi Shuhratjon Xoliqov. – Bugunga kelib 100 dan ortiq xonadon bu ishlar bilan shug‘ullanib, daromad olyapti. “Usta shogird” an’analari bor. Qushlar parvarishi uchun ortiqcha joy, xarajat talab etmaydi. Ammo, mahallamizdagi qushlar savdosi uchun bozor yo‘q. Aksariyat qushlar poytaxt bozorlarida ikkilamchi mijozlar orqali sotilyapti. Bu ishni o‘zimizda yo‘lga qo‘yib, daromad va eksport qilish salmog‘ini oshirish choralarini ko‘ryapmiz. Buning uchun yetarli imkoniyatlar bor. Mahallamizdagi Ahmad Yassaviy ko‘chasi “Turizm” ko‘chasiga aylangan. Bu yerda qushlar savdosiga ixtisoslashgan maxsus do‘kon ochish, qushlar ko‘rgazmasini tashkil qilish yuzasidan taklif va loyihalar ishlab chiqdik. Nafaqat qushlar, balki ular uchun zarur bo‘lgan ozuqa, vitamin, gigiyena vositalari, qafaslar, kerakli ish anjomlar sotish ko‘zda tutilgan. Natijada yana o‘nlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
M.Sulaymonov, O‘zA