Qurilishda innovatsiya, integratsiya va hamkorlik
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Milliy tadqiqotlar Moskva davlat qurilish universiteti bilan hamkorlikda “Qurilish ilmida va ta’limida innovatsiya, integratsiya va hamkorlik" mavzusida xalqaro onlayn ilmiy anjuman o‘tkazildi.
Anjumanni o‘tkazishdan maqsad gidroenergetika, suv resurslaridan unumli foydalanish, qishloq va suv xo‘jaligini iqlim o‘zgarishi sharoitiga moslashtirish, sohadagi mavjud muammolar yechimini aniqlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikda ilmiy izlanishlarni rivojlantirish va yuqori malakali, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda xorijning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikni mustahkamlashdan iboratdir.
Qurilish materiallari, qurilishda xavfsizlik, qurilishda muhandislik va intellektual tizimlar, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, elektrlashtirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Anjumanda AQSH, Fransiya, Germaniya, Kanada, Eron, Xitoy, Hindiston, Vetnam, Janubiy Koreya kabi davlatlardan 300 dan ortiq olim va ilmiy izlanuvchi onlayn tarzda ishtirok etdi.


D. Mamatova, O‘zA