Qurilish-rekonstruksiya ishlarining 2-bosqichi start olmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida “Dovud-ota” chegara bojxona postidagi qurilish rekonstruksiya ishlari bo‘yicha injiniring, pudratchi va loyihachi korxonalar mas’ullari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”dagi farmonida Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Dovud-ota” chegara bojxona postida rekonstruksiya va modernizatsiya ishlarini amalga oshirish belgilangan. 1-bosqichda terminal qurilishi ishlari nihoyalanib, bugungi kunda qurilishning 2-bosqichi boshlanmoqda.

Uchrashuvda Bojxona qo‘mitasining Kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Nishanbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Maxmadaliyev ishtirokida chegara-bojxona postining rekonstruksiyasi nazarda tutilgan qurilishning 2-bosqichini sifatli va o‘z muddatida amalga oshirish, chegara darvozalari va devorlari qurilishi bilan bir vaqtda post hududi kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda kosmetik pardozlash ishlarini jadallik bilan olib borish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mazkur ob’ektda bajarilayotgan qurilish ishlari sifatini nazorat qilib borish, qurilishda yuzaga kelayotgan muammolarni, shu jumladan, 1-bosqich qurilishi bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan ham mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri