Qurilish nazorati uchun yangi tizim
Buxoro viloyatida BSS (Building Supervision System) sun’iy intellektga asoslangan qurilish nazorat tizimi platformasi yaratiladi.
Ushbu loyihani moliyalashtirish bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining 2022 yil 27 dekabrdagi hay’at yig‘ilishida ijobiy qaror qabul qilindi. Loyihaning umumiy qiymati 2 462,7 million so‘m bo‘lib, shundan 1 236,7 million so‘m mablag‘ Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan hamda 1 226 million so‘m mablag‘ tashabbuskor tomonidan moliyalashtiriladi.
Loyiha amalga oshishi natijasida O‘zbekistonda ilk bor qurilish sohasida VR (virtual reallik) va suniy intellekt yordamida ishlovchi platforma faoliyati yo‘lga ko‘yiladi. Natijada qurilajak binoning virtual ekizagi yaratiladi. Qurilish jarayoninig har bir detali, maxsus kameralar va sensorlar bilan ishlovchi sun’iy intellekt dasturi orqali avtomatik tarzda, virtual modelga solishtirilgan holda inson faktorisiz nazorat qilinadi.
Loyihalarni tugatish muddatiga maksimal aniqlik kiritiladi. Rejalashtirilgan arxitekturaviy yechim va quriladigan loyihadagi bir xillik ta’minlanadi.
Eng muhimi, qurilish jarayoni va ob’ektni topshirish nazorati uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlarda suniy intellekt hamda avtomatlashtirish orqali inson faktorini minimal darajaga cheklab korrupsiya holatlari bartaraf qilinadi.
Zarif Komilov,
O‘zA