Qurilayotgan binolar talabga javob beradimi?
Jamoatchilik nazorati
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi bilan Qurilish vazirligi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan, federatsiyaning Navoiy viloyat hududiy birlashmasi rahbarligidagi Ishchi guruh tomonidan joylarda jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Bunda aholining murojaatlarini e’tiborga olgan holda hududlarda qurilayotgan qurilish ob’ektlaridagi muammolarning bartaraf etilishiga, qurilishlar sifatining yanada yaxshilanishiga ko‘maklashish, qolaversa, aholining iste’molchi sifatida huquqlari buzilishining oldini olish maqsad qilingan.
Ishchi guruh faoliyati davomida mavjud qurilish ob’ektlarining qurilishiga oid tegishli me’yoriy hujjatlarining mavjudligi, qurilish ob’ektlarining sifati va texnik reglamentlarga mosligi, binokorlik materiallari va qurilish sohasidagi buyumlarning sertifikatlanganlik holati, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash talablariga rioya etilganligi, nogironlarning ob’ektlardan moneliksiz foydalanishlari uchun sharoitlar yaratilganligi kabi jihatlarga e’tibor qaratilmoqda.
Atrof- muhit va ekologik xavfsizlik talablari, shuningdek, sanitariya normalariga hamda qoidalariga rioya etilganligining mosligi kabi jihatlar ham mutaxassislar – Ishchi guruh a’zolarining e’tiboridan chetda qolmayapti.
Karmana tuman Alisher Navoiy nomidagi mahalla hududida “Osiyo yugra” xususiy korxonasi tomonidan 5 qavatli 66 xonadonga mo‘ljallangan turar joy binosi qurilishi olib borilmoqda.
O‘rganishlar jarayonida qurilishda ishlatiladigan sement, g‘isht va boshqa qurilish mahsulotlarining aksariyati uchun maxsus sertifikat qog‘ozlari mavjud emasligi kuzatildi. Loyihada binoning birinchi qavatida havo tortgich shaxtalari ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan binoda mavjud emas. Qolaversa, xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda qurilish atrofi to‘liq o‘ralmaganligi, ishchilarning birortasi ham maxsus va bosh kiyim (kaska)da emasligi kuzatildi.
Qurilishda ishlovchilar uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmagan. Ularning yotib-turishlari, dam olishlari va yuvinishlari uchun mutlaqo sharoit mavjud emas. Ovqat pishirish uchun esa qo‘l bola pechlardan foydalanib kelinmoqda.
Bu kabi holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda. O‘rganishlar davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA