Qumqo‘rg‘onlik ota aliment pullarini oldindan to‘lab berdi
O‘zaro kelishmovchilik sababli turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi Anvar Boymurodovga sud qarori bilan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan.
Alimentchi otaning ishi bilan shug‘ullangan MIB Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi davlat ijrochilari A.Boymurodov bilan uchrashib, tushuntirish targ‘ibot ishlarini olib borgan. Amaldagi qonunlarimizga ko‘ra, farzandi voyaga yetguncha uning moddiy ta’minoti ota zimmasida bo‘lishi lozimligi belgilab qo‘yilgani tushuntirilgan.
– Oilaviy ajrimlar sabab nikoh bekor qilinib, o‘zaro rishtalar uzilishi oqibatida o‘rtadagi norasida farzandlarning kelgusi taqdiri ko‘plab savollar ostida qolib ketadi, – deydi Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori Q.Tursunov. – Bunday paytda farzandlar hayoti qanday bo‘ladi? Ularning moddiy ta’minotichi? Bu kabi savollar ko‘pchilikni qiynashi tabiiy, albatta. Mazkur masalaning yechimini topish uchun davlat ijrochilari alimentchi otalarga ana shular haqida ham atroflicha tushuncha berib, belgilangan aliment pullarini o‘z vaqtida undirish choralarini ko‘rmoqda.
Qumqo‘rg‘onlik davlat ijrochilarining maslahatlaridan to‘g‘ri xulosa chiqargan ota o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, farzandining voyaga yetguncha bo‘lgan moddiy ta’minoti uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment pullarini bira to‘la to‘lab berdi. O‘zaro kelishib, 33 million 600 ming so‘m naqd pulni tegishli tartibda sobiq turmush o‘rtog‘iga topshirdi.
Shundan so‘ng farzandining kelajagiga befarq bo‘lmagan A.Boymurodovning sobiq turmush o‘rtog‘i ariza bilan murojaat etib, aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini qaytarib oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda aliment va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undiruvi bilan bog‘liq 22 ming 719 ta ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro harakatlari olib borilib, ularning 1 ming 166 tasi tugatilgan. Ayni paytda 21 ming 553 ta ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA