Qulupnay ham foydali ham daromadli mahsulot
Aslida qulupnay bahor vaslining ne’matlaridan biri sifatida dasturxonimizga yetib kelishi bilan qadrli. Keyingi paytlarda esa uning turli erta pishar navlari ko‘payib borishi natijasida issiqxona sharoitida yilning istalgan vaqtida ham yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Qulupnay tarkibidagi foydali minerallar ovqat hazm qilish tizimiga yaxshi ta’sir qiladi, organizmni tozalaydi, qarish jarayonini sekinlashtiradi. Kishi kayfiyatini ko‘taradi. Shu bois qulupnayning har doim, hamma joyda xaridori ko‘p. Uni yetishtirish esa yaxshigina daromad keltiradi.
Jumladan, Buxoro tumani Rabotiqalmoq mahallasi “Bunyodkor” qishlog‘ida yashovchi Matluba Hamidova tomorqasidagi 20 sotix issiqxonaning 10 sotixida qulupnay hamda 10 sotixida bodring yetishtirmoqda.

Matluba Hamidova 2017 yildan boshlab issiqxonada qulupnay yetishtirishni boshladi va bu ish oilasi uchun yaxshi daromad manbaiga aylandi. Bu yil qulupnayning eksportbop, daromadli turlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Issiqxonada yetishtirilgan qulupnay 25-30 kun avval pishib yetiladi. Bu esa yiliga 2-3 martagacha hosil olish imkonini yaratadi.

– Bir necha yildan buyon qulupnayning “O‘zbekiston” navini yetishtirib yaxshigina daromad olyapmiz. Qulupnay ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, parvarishini qilsangiz to‘rt yil davomida hosil olish mumkin. Biz yetishtirayotgan “O‘zbekiston” navi sovuqqa chidamli. Mevasi xushbo‘y tamli bo‘ladi, – deydi Matluba Hamidova.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri