Qulay imkoniyatlar – samaradorlik omili
Farg‘ona viloyatida ham korxonalarning barqaror faoliyat yuritishi, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Buni qo‘qonlik yosh tadbirkor Avaz Abdurahimov rahbarlik qilayotgan “Avilon Kokand” korxonasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar to‘qimachilik va yengil sanoat tarmog‘ini ham yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 30-aprelda qabul qilingan mahalliy iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi va turini ko‘paytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona viloyatida ham korxonalarning barqaror faoliyat yuritishi, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Buni qo‘qonlik yosh tadbirkor Avaz Abdurahimov rahbarlik qilayotgan “Avilon Kokand” korxonasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Avaz Abdurahimov tadbirkorlik faoliyatini 2011-yilda sintepon ishlab chiqarishdan boshlagan. Keyinchalik flizelin va ko‘rpa ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bugungi kunda korxonada Turkiya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamida ilg‘or texnologiyalar asosida bolalar va ayollar kiyim-kechaklari, yotoqxona anjomlari, trikotaj polotno ishlab chiqarilmoqda.
Joriy yilda iste’molchilarga 400 million so‘mlik mahsulot yetkazib berildi. Kelgusi yili bu ko‘rsatkichni 600 million so‘mga yetkazish rejalashtirilmoqda. “Avilon Kokand” korxonasi mahsulotlar eksportini kengaytirish borasida faol ish olib borayotir. Xususan, 2014-yilda xorijga qiymati 100 ming AQSh dollarilik mahsulot eksport qilindi.
Korxonada 60 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Ular orasida kollej bitiruvchilari ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu yerda mehnat qilish va dam olish, shuningdek, xodimlar malakasini oshirish uchun zarur sharoit yaratilgan.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar imkoniyatlarimizni yanada kengaytirmoqda, – deydi A.Abdurahimov. – Bu mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish imkonini berayotir.
Korxona jamoasi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ishlab chiqarish hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni muhim vazifa deb biladi. Bankdan olinadigan kredit hisobidan matolarni bo‘yashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Mazkur jarayonda foydalaniladigan zamonaviy uskunalarni xarid qilish uchun shartnoma tuzildi. Yangi liniyaning ishga tushirilishi natijasida yana 40 nafar kasb-hunar kolleji bitiruvchisi ish bilan ta’minlanadi.