Qudratillaning nokdauni, hakamlarning munozarali qarori
Kecha, 12 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan erta tongda AQSHning Kaliforniya shtatidagi "Dignity Health Park" majmuasida professional boksning yarim o‘rta vazn toifasi (66,6 kilogramm) bo‘yicha hamyurtimiz Qudratillo Abduqahhorov va kanadalik Kodi Krouli o‘rtasidagi 10 raundlik jang bo‘lib o‘tdi.
Aytish lozimki, 10 raund davom etgan jangda Qudratilla Abduqahhorov asosan hujumkor boks namoyish qilib, har bir raundda o‘z ustunligini ko‘rsatib turdi. Krouli bo‘lsa, himoyalanish holatida jang olib bordi.
Uchrashuvning ikkinchi raundida garchi Abduqahhorov raqibini nakdaunga uchratgan bo‘lsa-da, 10 raund yakuniga ko‘ra, asosan Amerika qit’asi vakillaridan iborat hakamlar guruhi qarori bilan 95:94, 97:92, 98:91 hisoblarida g‘alabani Kodi Krouli foydasiga hal etishdi.
Faoliyati mobaynida professional boksda 18 bor rasmiy jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan, shundan 10 ta jangda raqiblarini nakaut evaziga mag‘lub etgan hamyurtimiz ilk bor hakamlarning munozarali qarori bilan ringni mag‘lub bokschi sifatida tark etishga majbur bo‘ldi.
Mazkur munozarali qarorning keyingi taqdiri qay tarzda hal etilishidan qat’iy nazar, Abduqahhorov minglab boks ishqibozlari ko‘z oldida ajoyib jang o‘tkazgan bokschi hamda kelajakda professional boksning chempionligiga yorqin nomzod sifatida gavdalanib qolaveradi. Zero, uning iste’dodi, texnikasi, ringdagi jozibador harakati hozirda chempionlik kamariga ega bir qator nomdor bokschilardan ustun bo‘lsa ustunki, kam emas.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA