Qudalar janjali fojia bilan tugadi
Sarvar va Maqsuda (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) baxtli umr kechirish niyatida katta orzular bilan oila qurdi. Koʻp oʻtmay, farzandli ham boʻlishdi.
Sarvar va Maqsuda (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) baxtli umr kechirish niyatida katta orzular bilan oila qurdi. Koʻp oʻtmay, farzandli ham boʻlishdi. Ammo bu yosh oila hayotning baʼzi achchiq sinovlaridan oʻta olmadi. Sarvarning ota-onasi kelinning oʻgʻliga yoqmasligini vaj qilib, yosh oilaning ajrashib ketishiga sababchi boʻlishdi.
Koʻp oʻtmay, Sarvar ikkinchi bor uylandi. Shundan soʻng quda tomon bilan mojaro boshlandi. Maqsudaning otasi qizini oilasiga qaytarish ilinjida sudga murojaat qildi. Sud Maqsuda qaynotasiga tegishli xonadonda yashash huquqiga egaligi toʻgʻrisida qaror chiqardi. Ayni shu masalani hal qilish maqsadida qudasining uyiga kelgan Orif Haqberdiyev u bilan “sen-men”ga borib qoladi. Oqibatda kuyovning otasi Hamid Hasanov qudasiga pichoq uradi. O.Haqberdiyev shifoxonaga yetib borguncha yorugʻ dunyo bilan vidolashadi...
Afsuski, ikki yoshni yarashtirib, ularga baxt yoʻlini koʻrsatishi kerak boʻlgan H.Hasanov oʻz qudasining qotiliga aylandi. Avval oddiy oilaviy kelishmovchilik bilan boshlangan mojaroning oxiri dahshatli xotima oldi.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Koʻkcha Darvoza” mahallasida sodir boʻlgan mazkur hodisa bir qator faollar va masʼul shaxslar ishtirokida keng muhokama qilindi.
Nega qotillikning oldi olinmadi?
– Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 11 oyi davomida yurtimizda sodir etilgan jinoyatlar 15,4 foizga kamayishiga erishilgan, – deydi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisi oʻrinbosari Turgʻun Qirgʻizboyev. – Bu oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq, albatta. Bunda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Jinoyat haqiqati va adolati” deb nomlangan butunlay yangicha tizim tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega boʻldi. Ammo “Koʻkcha Darvoza”dagi ayanchli voqea bu borada hali bajarilishi lozim boʻlgan ishlar borligidan dalolat beradi.
Tasavvur qilyapsizmi, bir oilaga darz ketyapti. Kelinini haydab yuborgan qaynona-qaynota oʻgʻlini uylantirishga ham ulgurgan, oradan shuncha vaqt oʻtishiga qaramay, vaziyat oʻnglanmagan! Aksincha chigallashib boravergan. Bunda kim aybdor?! Insoniyligini unutgan qotil qoʻliga pichoq olguncha masʼullar qayerda edi? Nega ular qotillikning oldini olishga erisha olmadi? Shu kabi qator savollarga birgina soʻz bilan javob berish mumkin – loqaydlik! Mahalla raisi muammoning qanchalik chuqur ildiz otayotganini vaqtida koʻra olmasa, qoʻni-qoʻshni ota uyiga ketib qolgan kelin haqida mahalla faollarini vaqtida xabardor qilmasa, qanday qilib oʻzimizni befarq emasman, deya olamiz?!
Oshkora qotillik qissasi
Gabriyel Garsia Markesning “Oshkora qotillik qissasi” asarida aka-uka Pablo va Pedro Vikariolar Santiago Nasarni oʻldirishga jazm qiladi. Ular oʻzlari rejalagan qotillikni hammaga aytib, kimdir bizni bu jinoyatdan qaytararmikan, deb umid qiladi. Ammo loqayd odamlar ularning bu gapiga eʼtibor bermaydi.
Ularni toʻxtatib qolish esa hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Aksincha ular bajarmoqchi boʻlgan ishlarni oʻzaro muhokama qilishdan nariga oʻtmaydilar. Natijada kuppa-kunduzi butun shaharcha aholisining koʻz oʻngida qotillik yuz beradi. “Koʻkcha Darvoza” mahallasidagi holat ham shu qissani yodga soladi. Hamid Hasanov uyiga kelgan qudasiga pichoq uradi. Xoʻsh, bu paytda, umuman, vaziyat shu darajaga yetguncha mahalla raisi, qoʻni-qoʻshnilar qayerda edi?
– H.Hasanov bilan ham, uning oilasidagilar bilan ham bir necha bor shu masalada suhbatlashganmiz, – deydi “Koʻkcha Darvoza” mahallasi raisi Abdusattor Valiyev. – Suhbatlar davomida ular oʻzlarini munosib tutishgan, shu vaqtgacha biron nojoʻya ish qilishmagan. Oʻsha kuni qudasining kelgani haqidagi xabarni eshitishim bilan Hasanovlar xonadoniga otlandim. Ammo u yerga yetib borganimda kech boʻlgandi... Albatta, vaziyatning bu darajaga borishini bilmaganmiz. Hasanovlar oilasining mahallamizga yangi koʻchib kelgani, doimiy roʻyxatda turmagani ham oʻzimizni oqlashga sabab boʻlmasligini yaxshi bilamiz. Hech kim hududida bunday koʻngilsizlik boʻlishini istamaydi, ammo istakning oʻzi yetarli emasligini endi his etyapmiz. Zero, muammoning katta-kichigi boʻlmaydi. Eng arzimasdek koʻringan holatlarni ham mahalla faollari sinchkovlik bilan oʻrganishi, oʻz vaqtida hal etishi kerak ekan. Bu holat barchamizga saboq boʻldi.
Mahalla raisi aytganidek, Hamid Hasanov shu paytgacha biron qingʻirlikka qoʻl urmagan, xalqona qilib aytganda, “qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan” odam ekan, unda nega birdan qotilga aylandi?
Qalbiga qulf urilgan...
– Muqaddas dinimizda koʻklab turgan daraxtga ham aziyat berish qoralangan, – deydi Toshkent shahridagi “Oqilon” jome masjidi imom-noibi Abror Turgʻinov. – Bejiz Hazrat Navoiy ham inson qalbini ulugʻlab, uni shod qilgan kishini Kaʼbani obod etganga qiyoslamagan. Ibn Jarir rivoyat qilgan hadisda: “Gunohlar ketma-ket boʻlib ketsa, qalbni qulflab qoʻyadi. Qalb qulflangan paytda Alloh taolo tarafidan muhr kelib uni muhrlaydi. Qulflangan, muhrlangan qalbga imon kirmaydi, ichidagi kufr chiqib ketolmaydi”, deyilgan. Bir goʻdakni tirik yetim qilish ham gunoh. Shaytonni eng xursand qiladigan ish – oila buzilishidir. H.Hasanov esa ana shunday ishga bosh boʻlgani kishini qattiq qaygʻuga soladi.
Agar har birimiz ulugʻlarimizning nasihatlariga quloq tutganimizda, muqaddas dinimizning ahkomlarini yaxshi bilganimizda, bunday botil ishlarga qoʻl urmasdik. Zero, dinimizda insonga qasd qilish qattiq qoralanadi. Inchinun, kimki bir odamni qasos olish yoki qilgan jinoyati uchun jazolash kabi sabablarsiz, bekordan-bekorga oʻldirsa, goʻyo barcha odamlarni oʻldirgandek boʻladi. Chunki uning uchun odamning farqi yoʻq.
Shuningdek, kimki boshqa insonni oʻldirishni harom deb bilsa va bu jinoyatdan qoʻlini tiysa, undan barcha insonlar salomat boʻlishadi. Qalbida mana shunday maʼrifat boʻlmagan odamning qalbiga qulf uriladi va hech bir gunoh ishdan qoʻrqmaydigan boʻlib qoladi.
Xulosa oʻrnida
Hamid Hasanov “Koʻkcha Darvoza” mahallasiga koʻchib kelib yashay boshlagach, yigʻin faollari oʻrganishlar davomida bir necha bor ulardan muammolari haqida soʻragan. Ammo faollar Hasanovlar oilasi Maqsudaning oʻrniga yangi kelin olayotganidan ham oʻz vaqtida xabardor boʻlmagan. Afsuski, aksariyatimiz biron koʻngilsizlik boʻlgandan keyin uning sabablarini axtara boshlaymiz. Aslida koʻz oʻngimizda boʻlayotgan voqealar bizni qay tomonga yetaklashini oldindan tahlil qilishimiz kerak emasmi?
Hozir holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari boshlangan. Aybdor javobgarlikka tortiladi, albatta. Ammo kishini qator savollar oʻylantiradi: H.Hasanov aslida kim edi? U qanday oilada voyaga yetgan va farzandlariga qay yoʻsin tarbiya bergan?
Voqeani “Mahalla” gazetasi kuzatib boradi va keyingi sonlarda holat boʻyicha batafsil maqola tayyorlanadi.
Boboravshan GʻOZIDDINOV
Manba: “Mahalla” gazetasi.