Qozog‘istonlik yozuvchi bilan uchrashuv
Mamlakatimizda ko‘plab sohalarda bo‘lgani kabi xorijiy davlatlar bilan adabiy aloqalar ham tobora mustahkamlanmoqda. Ayniqsa, qo‘shni, qardosh davlatlar bilan samimiy aloqalar kuchayib borayotir. Adabiyoti, tarixi bir-biriga begona bo‘lmagan millatlarning bunday munosabati ma’naviyatning yanada yuksalishiga asos bo‘ladi desak, adashmagan bo‘lamiz.
Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Qozog‘iston yozuvchilar uyushmasidan Dildar Mamirboyeva tashrif buyurdi. Tadbir ijodiy ruhda o‘tdi. Talabalar yozuvchi ijodi bilan bog‘liq savollarga javoblar oldi.

– Azaldan o‘zbek va qozoq xalqlari adabiyoti bir-biriga yaqin bo‘lgan. Bugungi kunga kelib ijodiy hamkorlik yanada kuchaymoqda. Ayniqsa, oliygohlarda tajriba almashinuvlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu kabi uchrashuvlar ham yoshlar uchun o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini o‘taydi, – deydi professor Bahodir Karim.

Shuningdek, uchrashuv davomida turkiy xalqlar adabiyotini o‘rganish va tadqiq qilish yosh olimlar oldidagi muhim vazifa ekani alohida ta’kidlandi. Ilmiy tadqiqotlar yozish uchun esa albatta, ijodiy hamkorlik qilish hamda shu kabi uchrashuvlar o‘tkazish ayni muddao bo‘ladi.
– Men har safar Toshkentga kelganimda ushbu oliygohga albatta, tashrif buyuraman. Bu yerda tajribali olimlar, ijodkorlar faoliyat olib boradi,– deydi Dildar Mamirboyeva. – Ayniqsa, meni talabalarning o‘zbek tilida so‘zlashishlari juda quvontiradi. Yoshlarimizga ham sizlarni namuna sifatida ko‘rsataman. Zero, ona tiliga bo‘lgan muhabbat kelgusida shoh asarlar yaralishiga zamin hozirlaydi.
Sherbek Islomov, O‘zA