Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv
Samarqandda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva amaliy tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga doir keng ko‘lamli masalalar, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va mintaqaviy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Mushtarak tarixiy ildizlar, ma’naviy qadriyatlar va ahil qo‘shnichilik an’analariga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlikning ahamiyati qayd etildi. Shu ma’noda, bugun Samarqandda O‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi o‘tkazilayotgani va bu tadbir ikki mamlakat ziyolilarining muloqoti uchun muhim maydon sifatida qaralayotgani ta’kidlandi.
Ko‘p tomonlama formatlarda parlamentlararo hamkorlik, shu jumladan, hududlararo forumlarda ishtirok etish faollashgani alohida ta’kidlandi.
Tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasidagi hamkorlik masalalarini ham ko‘rib chiqdi. Joriy yilda O‘zbekiston ushbu platformaga raislik qilayotgani, shu munosabat bilan Buxoro shahrida navbatdagi yig‘ilish hamda Osiyo xotin-qizlari II forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgani qayd etildi.
[gallery-28678]
Bundan tashqari, joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida XII Yosh parlament a’zolari global forumi ham bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston – Qozog‘iston ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari