Qozog‘iston O‘zbekistonning ulkan yutuqlarini e’tirof etmoqda
4-5 mart kunlari Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Yerali Tugjanov boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘ldi.
Tashrifning ikkinchi kuni mehmonlar poytaxtimizdagi Prezident maktabiga bordi.
Mamlakatimizdagi Prezident maktablari yangi avlod kadrlarini tarbiyalashda muhim asos bo‘lishi shubhasiz. Zero, bunday o‘quv maskanlari iqtidorli bolalarni aniqlash, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda ularga kuchli saboq va tarbiya berish bo‘yicha yaratilgan yaxlit tizim asnosida vujudga kelmoqda. Ushbu maktablarda ta’lim jarayoni rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi. Toshkent shahridagi Prezident maktabi ana shunday ilm dargohlarining birinchisidir.
Mehmonlarga mazkur o‘quv maskani haqida batafsil ma’lumot berildi. Bu yerda eng iqtidorli o‘g‘il-qizlar yashashi, o‘qishi, dam olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan tanishtirildi. Dars tayyorlash, sinfdan tashqari o‘qish, boshqa turli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish, ovqatlanish, hordiq chiqarish va yotoq uchun mo‘ljallangan barcha xonalar, bino va inshootlar bir-biriga uyg‘un, eng so‘nggi zamonaviy talablar darajasida barpo etilgani, maktab barcha zarur va ilg‘or texnologiyalar asosidagi o‘quv jihozlar, uskunalar bilan ta’minlangani delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng Qozog‘iston delegatsiyasi Bolalar milliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi. To‘rt qavatli, zamonaviy yangi binoda joylashgan mazkur majmua tarkibida bolalarga tibbiy xizmatning turli shakl va bosqichlari taqdim etiladigan jarrohlik markazi, neyromarkaz, kardiomarkaz, gemodializ, radiologiya, nuklear tibbiyot, uro-nefro markaz singari 10 dan ziyod bo‘limlar, poliklinika, laboratoriya, tez yordam xizmati, dorixona hamda “KOICA” o‘quv markazi faoliyat ko‘rsatadi. Bu yerda mijozlar uchun bufet mavjud, bolalar uchun o‘yin maydonchasi hozirlangan.
– Biz juda zamonaviy, aynan bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida barpo etilgan ajoyib majmuani tomosha qildik, – deydi Qozog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy. – Yaqqol ko‘rinib turibdi, ushbu shifoxona eng ilg‘or xalqaro me’yorlarga javob bera oladi. Bu yerdagi bo‘limlarning barchasi eng so‘nggi avlodga xos, yangi texnologiyalarga asoslangan tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan.
Barchaga ayon, bu jihat tibbiyotda ham juda muhim, ya’ni hozirgi davrda zamonaviy asbob-uskunalarsiz hech bir sohada yuqori samaradorlikka erishib bo‘lmaydi. Men bir necha shifokor bilan suhbatlashib, mutaxassis sifatida ishonch hosil qildimki, markazda faoliyat olib borayotgan xodimlar malakasi ham bugungi kun talablariga to‘la mos keladi. Bolalar har qanday davlatning kelajagidir. Shu bois tibbiyot sohasi vakillari ular salomatligini muhofaza qilish doimo eng ustuvor vazifalardan biri, deb bilishadi.
Qolaversa, O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyoti egalari bo‘lgan yosh avlod uchun yaratilgan mana shunday sharoitlar delegatsiyamiz a’zolarini juda xursand qildi. Biz markazga o‘z farzandlarini yetaklab kelgan otalar, onalar taqdim etilayotgan xizmatdan mamnun ekaniga guvoh bo‘ldik. Eng muhimi, odamlar davlat hech qachon o‘z farzandlarini e’tiborsiz qoldirmasligini, ularga hamisha cheksiz g‘amxo‘rlik ko‘rsatishini dildan his qilib turibdi. Bu aholi salomatligini asrash mamlakatda eng ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilanganidan dalolat.
Bolalar milliy tibbiyot markazini boy taassurot bilan tark etarkan, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Yerali Tugjanov majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Qardosh mehmonlar uchun tuzilgan dasturdagi navbatdagi manzil poytaxtimizdagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralari bo‘ldi.
[gallery-1436]
Toshkent shahrining Shayhontohur tumanidagi Shayx Xovandi Tohur majmuasi hududida, ko‘hna qabristonning shimoliy qismida joylashgan To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbarasi pishiq g‘ishtdan, chortoq tarhli, qo‘sh qavat gumbazli qilib qurilgan. Ma’lumki, bu ikki shaxs qozoq birodarlarimiz uchun begona emas. Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati tarixidagi eng ulug‘ shaxslardan biri Hoja Ahmad Yassaviy, Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy Alibiy o‘g‘li (Qaldirg‘ochbiy) ma’naviy hamda ruhiy dunyosi bir-biriga yaqin, e’tiqodi, hayotiy tamoyillari, faoliyati yo‘nalishlari mushtarak ulamolar hisoblanadi. Shayx Xovandi Tohur bobomiz butun umri davomida elni tinchlik va osoyishtalikka chorlagan. To‘labiy Alibiy o‘g‘li (Qaldirg‘ochbiy) ham xalqlarimiz birdamligi va hamjihatligi yo‘lida beqiyos xizmat qilib, elni birlikka boshlagan.
Xalqlarimiz buyuk ajdodlarini doimo hurmat qilib kelgan. O‘zbekiston zaminida dafn etilgan qozoq xalqining ardoqli farzandi o‘z davrining taniqli qozisi sifatida tanilgan To‘labiy "Jeti Jarg‘i" qonunlar to‘plamini tuzgan mualliflardan biridir. U vasiyatiga ko‘ra piri Shayx Xovandi Tohur qabri yoniga dafn etilgan.
Keyingi yillarda O‘zbekiston zaminida mangu qo‘nim topgan qozoq xalqining buyuk farzandi To‘labiy maqbarasini obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Maqbara qayta ta’mirlanib, muqaddas qadamjoga aylantirildi. Ikki xalq birdamligini ta’minlash yo‘lida qilinayotgan ishlar qadimiy do‘stligimizni yanada mustahkamlamoqda.
Mehmonlar ikki buyuk shaxsning qadamjolarini ziyorat qildi.
Tashrif doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligida mamlakatimiz Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi hamkorligida koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bo‘yicha taqdimot namoyish etildi.
Ma’lumki, Xitoyning «Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.,Ltd» kompaniyasi O‘zbekistonning koronavirusga qarshi vaksina yaratishdagi hissasi va ca’y-harakatlarini inobatga olib, «ZF 2001» vaksinasini birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Shundan so‘ng yangi vaksinani «ZF-UZ-VAC 2001» nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va foydalanishga kelishildi.
Taqdimot chog‘ida ushbu preparatni yaratishda bevosita ishtirok etgan mutaxassislar vaksinani ishlab chiqish jarayoni, xususiyatlari, aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash va vaksinani mahalliylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil so‘zlab berdi.
Mamlakatimizda mazkur vaksinaning barcha xavfsizlik ko‘rsatkichlari sinovdan o‘tkazildi, ijobiy natijalar hamda Etika qo‘mitasi maxsus xulosalari asosida aholi orasida uchinchi bosqich klinik sinovlarga yo‘naltirildi.
bugungi kungacha klinik sinov talabiga muvofiq, 10 ming nafarga yaqin ko‘ngilli emlangan, ularda nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmagan. bugungi kunda O‘zbekistonning o‘z vaksinasini yaratish yo‘lida muvaffaqiyatli izlanishlar olib borilayotgani haqida ham ma’lumot berildi.
Qozog‘iston delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonni COVID-19 ga qarshi vaksina yaratishga jazm etgan sanoqli mamlakatlardan biri ekanini e’tirof etib, bu borada erishilgan natijalarni yuqori baholadi.
Shu kuni qozog‘istonlik mehmonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “AKFA Medline” xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini ham borib ko‘rdi.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA