Qozog‘iston nega gaz qazib olishni kamaytirdi?
Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Rossiyaning Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga uyushtirilgan hujum ortidan Qozog‘istondagi yirik “Qorachig‘anoq” gaz konida qazib olish keskin sustlashdi. Qardosh mamlakat energetika vaziri Yerlan Aqkenjenov ayni noodatiy vaziyatga oydinlik kiritdi.
Bu haqda “Reuters” xabar bergan. Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, konda kunlik gaz qazib olish miqdori majburiy ravishda 34 000 tonnadan 25 000 tonnaga tushirilgan. Binobarin, bu holat ichki bozorga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Ayni payt Qozog‘iston bo‘ylab aholi va korxonalarga gaz yetkazib berishda hech qanday uzilish yo‘q, shartnomaviy majburiyat to‘liq bajarilmoqda.
Texnologik jarayonga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Qorachig‘anoq”dan tarkibida zaharli oltingugurt mavjud “ochiqlanmagan gaz” olinadi. Ushbu xom ashyo muayyan tozalash bosqichidan o‘tkazish uchun qo‘shni davlat zavodida qayta ishlanib, tayyor holga keltirilgan iste’mol gazi yana Qozog‘istonga qaytariladi va mahalliy tarmoqqa yo‘naltiriladi. Orenburgdagi korxona faoliyatiga yetkazilgan zarar ushbu zanjir harakatini birmuncha sekinlashtirdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA