Qo‘ziqorindan har oyda 10 million so‘m daromad
Farg‘ona viloyatidagi ko‘plab mahallalarda oilalarni daromadli qilish, bandligini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qo‘ziqorin yetishtirishda Farg‘ona shahri anchagina tajribaga ega. Bugungi kunda 20 nafarga yaqin tadbirkor mazkur faoliyat bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Natijada yuzlab oilalarga daromad kirmoqda, ish o‘rni yaratilyapti.
"Besh bola" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Abdullajon Xolmatov shaharda birinchilardan bo‘lib qo‘ziqorin yetishtirishni boshlagan tadbirkorlardan. Hozir 1 tonnaga yaqin qo‘ziqorin urug‘ini imtiyozli kredit asosida bunyod etilgan maxsus xonalarda parvarishlamoqda.

Dastlab 2 oy davomida qo‘ziqorin yetishtirish sir-sinoatlarini o‘rgangan Abdullajon Xolmatov 2022-yil fevral oyida 200 million so‘m mablag‘ hisobiga o‘z xonadonida qo‘ziqorin yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. O‘ziga xos ushbu biznes kutilgan natijani ortig‘i bilan berib, yiliga 400-500 million so‘mgacha daromad ola boshladi.

– Qo‘ziqorinni ekish usuli ham oson, ham sodda bo‘lib, bitta qo‘ziqorin qopi 15 ming so‘mga tayyor bo‘ladi, – deydi A.Xolmatov.– 21 kunda hosil berishni boshlaydi. Qo‘ziqorin chiqqandan so‘ng 2 oyda 3 marotabagacha terib olish mumkin. Har bir qopdan 2 kilogramm hosil olsa bo‘ladi. Bugungi kunda qo‘ziqorin kilosi bozorda holatiga qarab 20-25 mingdan sotilmoqda.

Abdullajon Xolmatovga boshqa viloyatlardan, qo‘shni respublikalardan ham aloqaga chiqib, qo‘ziqorin yetishtirish bo‘yicha maslahat olishmoqda. Ularga qulay bo‘lishi uchun telegrammda guruh ham ochilgan bo‘lib, qo‘ziqorin yetishtirish bo‘yicha tajriba almashish imkoniyati yaratilgan. Tadbirkorning hozir 600 ga yaqin shogirdi bor.
– Ushbu biznesni 1 million so‘m bilan ham boshlash mumkin, – deydi tadbirkor. – Harakat qilinsa, uydagi bo‘sh turgan joyda, shaharlarda esa ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida qo‘ziqorin yetishtirsa bo‘ladi. Oilalar uchun yaxshi daromad manbai.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri