Qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalar istiqbollari muhokama qilindi
Mamlakatimizda oliy ta’lim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda akademik almashinuv dasturlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ta’lim va ilm-fan integratsiyasini mustahkamlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda ilmiy salohiyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Vengriyaning Lyudovika Davlat xizmati universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Hamkorlik yo‘l xaritasi doirasida gibrid ta’lim dasturlarini rivojlantirish, yozgi maktablar va qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning “Stipendium Hungaricum va L Fellowship” xalqaro dasturlaridagi ishtirokini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar Yevropa Ittifoqining Horizon dasturi doirasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro ekspertlar ishtirokida tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy salohiyatni oshirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi, deyiladi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi ma’lumotida.
Uchrashuv yakunida ilm-fan, ta’lim va madaniy hamkorlikni yanada kengaytirish, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish hamda strategik sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
M.Hojiakbarova,
O‘zA