Qo‘shma Shtatlarda hukumat faoliyati to‘xtatildi
1 oktyabr kuni AQSHda yangi moliyaviy yil boshlandi. Afsuski, haligacha Kongress tomonidan byudjet tasdiqlanmagan.
Shu bois hukumat o‘z faoliyatini to‘xtatish, ya’ni “shatdaun” e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Gap shundaki, kuni kecha Senat ikki partiyaviy moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini qabul qila olmadi va chorshanba kuniga qadar tanaffus joriy etdi. Buning ortidan avvalroq Oq uy davlat idoralariga yopilishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan edi.
Prezident Donald Tramp avvalroq hukumat faoliyati to‘xtashidan xodimlar va ish haqini keskin qisqartirish mumkinligini aytgandi. U byudjet muvaffaqiyatsizligida demokratlarni aybladi va ushbu vaziyatdan respublikachilarga yoqmaydigan dasturlarni chiqarib tashlash uchun foydalanishga va’da berdi.
Kongress AQSH Qurolli kuchlari to‘liq quvvat bilan xizmat qilishda davom etishi, huquqni muhofaza qilish federal idoralari xodimlari ham vazifasini davom ettirishini aytdi. Faqat ular maosh olmay turadi.
Ta’kidlash joiz, Tramp ikkinchi prezidentlik muddati boshidayoq shatdaun tahdidiga duch kelgan, ammo vaziyatning oldi olingandi. U demokratlar ochiq qoldirishni istagan chegara, hujjatsiz muhojirlar uchun sog‘liqni saqlash xarajati va jinsni o‘zgartirishni rag‘batlantirish masalalarini kelasi moliya yilida byudjet kelishuviga erishish uchun to‘siq sifatida keltirgan.
AQSHda ilgari ham hukumat ishi to‘xtagan holatlar kuzatilgan. Tarixda eng uzoq falajlik aynan Trampning birinchi prezidentlik muddatiga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda mamlakat 35 kun davom etgan va 2019 yil yanvarda yakunlangan eng uzoq shatdaunga guvoh bo‘lgan. Shu davr ichida 420 000 kishi keyinroq to‘lanishi va’dasi bilan ishlagan, 380 000 xodim esa maoshsiz ta’tilga chiqarilgan. Butun agentliklar yopilgan, hujjatlarni qayta ishlash kechiktirilgan. Transport xodimlari yetishmasligi tufayli jamoat transporti kechikishi keng tarqalgan. Xiyobonlarda chiqindi tog‘lari paydo bo‘lgan, davlat muzeylari yopilgan. Demokratlar bu davrdan maoshidan ayrilgan amaldorlarga oziq-ovqat to‘plami tarqatib, saylov oldi tashviqoti uchun foydalangandi. Trampning o‘zi Oq uyga taklif qilingan chempion sportchilarni “Makdonalds” burgeri bilan mehmon qilgan. Sababi, u oshpazni noma’lum muddat bilan ta’tilga jo‘natgan edi.
Prezident tushuntirishicha, ixtiyoriy xarajat uchun mablag‘ yetishmay qolsa, AQSH hukumati ayrim xodimlarni ishdan bo‘shatadi, muhim bo‘lmagan xarid va davom etayotgan davlat xarajati to‘xtatiladi.
Tahlilchilar aytishicha, Federal hukumat mablag‘i sarfi to‘xtatilishi, odatda, uzoq muddatli salbiy oqibatga olib kelmaydi. Qisqa muddat xarajat muzlatilishi, ehtimol, daromadining bir qismini yo‘qotadigan davlat xizmatchilari uchun ko‘proq sezilar. Shuningdek, ixtiyoriy sarf-xarajat uchun mablag‘ yetishmasa, ba’zi xodimlar haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqadi, muhim bo‘lmagan xaridlar va joriy davlat xarajati to‘xtatiladi.
S.Rahimov, O‘zA