Qo‘shimcha mahsulot saqlash sig‘imlari o‘rnatilmoqda
“O‘zbekneftgaz”AJ tizimidagi boshqarma va zavodlarda suyultirilgan gaz quyish sexiga mahsulotlarni saqlash uchun qo‘shimcha sig‘imlar o‘rnatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining 2020–2022 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bu ishlarni tizimli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
1980 yil o‘z faoliyatini boshlagan Qashqadaryo viloyatidagi “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan mazkur qarorda belgilan ustuvor vazifalar reja asosida amalga oshirilyapti.
Xususan, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida propan-butan aralashmasi olish qurilmasining 1-, 2-, 5-navbatlarida modernizatsiya loyihasi doirasida qator ishlar reja asosida olib borilmoqda. Ushbu qurilmalarning modernizatsiya qilish natijasida yillik suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini oshirishga erishiladi.
Shuni hisobga olgan holda ayni paytda boshqarmadagi Suyultirilgan gaz quyish sexining I-navbatida qo‘shimcha mahsulot saqlash sig‘imlarini o‘rnatish va ishga tushirish ishlari bajarilmoqda.
Ushbu Suyultirilgan gaz quyish sexining I-navbati 1986 yilda ishga tushirilgan. Sexning asosiy vazifasi suyultirilgan gazni saqlash va tayyor mahsulotni iste’molchilarga yetkazib berish uchun temir yo‘l sisternalari, avtotsisternalar va gaz ballonlariga quyib jo‘natishdan iborat.
Qo‘shimcha mahsulot saqlash sig‘imlari o‘rnatishning ishchi loyihasi hujjatlari “O‘zLITINEFTGAZ” AJ tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihaga asosan uskunalar tender savdo tanlovlarida g‘olib bo‘lgan ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan bosqichma-bosqich tayyorlanib, yetkazib berildi. Ayni paytda 7 ta “V=200” kub metr mahsulotni saqlashga mo‘ljallangan sig‘im “O‘zbekkimyomash zavodi” AJ tomonidan yetkazib kelindi va ularni montaj qilish va ishga tushirish ishlari yakunlanmoqda.
Suyultirilgan gaz quyish sexining I-navbatida qo‘shimcha 7 ta “V=200” kub metr mahsulotni saqlashga mo‘ljallangan sig‘imlarni o‘rnatish bilan bir qatorda jarayonlarni avtomatik boshqaruv tizimi ham joriy etiladi.
Qurilish montaj ishlari bosh pudratchi “Muborakneftgazmontaj” AJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Hozirda qurilish ishlari uchun barcha moddiy-texnik resurslar va ehtiyot qismlar tayyor holatga keltirilgan.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA