Qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdori pasaytirilyaptimi?
Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan 2022 yil uchun byudjetnomada 2022 va keyingi yillar uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari keltirilgan. Unga ko‘ra, 2022 yilda quyidagi asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi – 15 foiz, foyda solig‘i stavkasi – 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi – 12 foiz, aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkasi – 4 foiz, dividendlar ko‘rinishidagi daromadlardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi – 5 foiz, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda belgilangan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 40 so‘m, shu jumladan, soliq stavkasiga suv yetkazib beruvchilar tomonidan yetkazib berilgan suv hajmi xarajatlarini qoplash uchun 1,05 koeffitsiyent qo‘llash saqlab qolinadi.
Shu bilan birgalikda, 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i 15 foizdan 12 foizga, mobil aloqa xizmatlariga aksiz solig‘i stavkasi 15 foizdan 10 foizga, bank, mobil aloqa operatorlari va bozorlar va savdo komplekslari uchun belgilangan foyda solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga pasaytiriladi. Bunda qat’iy miqdorda belgilangan aksiz, yer solig‘i, mol-mulk, suv solig‘i stavkalari inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilinadi.
O‘zA