Qorasuvda 4 ta “Workout” maydoni tashkil etildi
Salomatlik, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishda sportning, jismoniy tarbiyaning qanchalik ahamiyatga egaligini bugun har bir inson yaxshi biladi. Va bilgani uchun sport bilan shug‘ullanishga odatlanayotganlar safi tobora kengayib bormoqda.
Shu yilning 30 oktyabr kuni Prezident tomonidan “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilinishi bu masalaga davlat darajasida e’tibor kuchaytirilayotganidan dalolatdir.
Mazkur hujjatda mamlakatimizda aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilandi. Mahalliy hokimliklarga har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari”ni tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
Ayni paytda Samarqand viloyatida ham bu ishlarga kirishilib, davlatimiz rahbari farmonida belgilangan vazifalar bajarilmoqda.
– Hozirda barcha tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etish takliflar tayyorlanib, qurilish boshqarma va bo‘limlariga topshirilmoqda, – deydi Samarqand viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev. – Ayrim hududlarda bu ish boshlangan ham. Jumladan, Samarqand shahrining keyingi yillarda o‘nlab ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’ektlari qurilgan yangi aholi maskani – Qorasuvda 10 kilometr yurish va yugurish yo‘lagi, yana 10 kilometr velo yo‘lak tashkil etildi. Shuningdek, 2 ta badminton, 4 ta “Workout”, 3 ta stritbol, 2 ta mini futbol maydonlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hududda 14 ta bolalar maydonchasi mavjud. Bundan tashqari Qorasuvda ikkita yangi maktabda o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Muassasa sport zal va maydonlaridan mahalla aholisi ham foydalanishi mumkin. Kelgusi yilda esa ushbu hududda kurash va futbol mahorati maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan. Futbol mahorati maktabining namunaviy loyihasiga ko‘ra, uning tasarrufida 3 ta katta va 3 ta mini futbol maydoni, 20x40 metr o‘lchamdagi sport zal bo‘ladi. Bu ham albatta, shu hududda yashovchi aholining barcha qatlami bir necha sport turlari va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
Davlatimiz rahbarining farmonida 2021 yilda poytaxtimizda, 2022 va 2023 yillarda esa yurtimizning barcha shaharlarida aholi uchun qulay bo‘lgan ko‘chalarda umumiy uzunligi 50 kilometr bo‘lgan piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari”ni tashkil etish belgilangan. Samarqand viloyatida ham bugungi kunda takliflar ishlab chiqilmoqda.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA