Qoraqalpog‘istonlik talabalar xalqaro fan olimpiadasida yuqori natijalarga erishdi
Joriy yilning 23 – 28-mart kunlari Turkmaniston Respublikasining Ashxobod shahrida matematika bo‘yicha VI Open Mathematical Olympiad for University Students – OMOUS-2026 xalqaro fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Turkmanistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan birga O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Gretsiya, Eron, Vengriya, Niderlandiya, Tojikiston va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardan jami 87 ta jamoa ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Xalqaro fan olimpiadasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoalari ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.

Xususan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Matematika fakulteti talabasi Indira Satniyazova yuksak bilim va salohiyatini namoyon etib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Uning jamoadoshlari Damir Dilmuratov, Sunkat Maksatov, Fayzulla Maxambetaliyev, Ikrom Jumaboyev, Akmal Allambergenov, Aydos O‘serboyev, Ravshanoy Yo‘ldosheva, Ilyas Jengisboyev, Hurliman Qo‘yliboyeva esa bronza medallari bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, universitetning ikki jamoasi jamoaviy hisobda ham yuqori natijaga erishib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Nukus davlat pedagogika instituti matematika va informatika ta’lim yo‘nalishining 4-kurs talabalari Bahram Allakuatov, Ismetulla Naurizbayev, Umida Maxsutova, shuningdek, matematika ta’lim yo‘nalishining 2-kurs talabasi Sayipbek Nuratdinov yakkalik musobaqalarda 3-o‘rinni egallab, har biri bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Albatta, bu yutuq oliy o‘quv yurtlarida matematika bo‘yicha xalqaro darajada qo‘lga kiritilayotgan yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi. Ma’lumot uchun, OMOUS xalqaro ochiq fan olimpiadasi iqtidorli talabalarni aniqlash, ularning mantiqiy va tahliliy fikrlashini rivojlantirish, shuningdek, matematika bo‘yicha xalqaro miqyosda hamkorlikni kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri