Qoraqalpog‘istonlik bolajonga Prezident sovg‘asi va minnatdorlik maktubi topshirildi
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida ijtimoiy tarmoqlarda Muhammad Aliy ismli bolakayning samimiy, pok qalbi va Vatanga bo‘lgan mehri bilan Prezidentimiz bilan uchrashishga bo‘lgan niyati, bildirgan fikrlari ko‘pchilikning mehri va e’tiborini tortgan edi.
Bugun Muhammad Aliyga Prezidentimiz uning bolalarcha pok qalbi bilan yo‘llagan videomurojaatini ko‘rganini va bundan juda mamnun bo‘lganini aytib, “Sen ham ulg‘ayganingda ajdodlarimizga munosib, el-yurtiga foydasi tegadigan inson bo‘lishingni istayman” degan iliq so‘zlar bilan minnatdorchilik xati yetib keldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida davlatimiz rahbarining minnatdorchilik xati va sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Unda Jo‘qorg‘i Kenges raisi Amanbay Orinbayev Prezidentimizning samimiy yozilgan minnatdorchiligini o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, Muhammad Aliyga hamda uning ota-onasi, tarbiya olayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga Prezident sovg‘alari topshirildi. Bundan tashqari, bolakayning tarbiyachisi Gulbahor Saparovaga Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qarori bilan “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri