Qoraqalpog‘iston taraqqiyotda yangi sahifa ochilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida Jo‘qorg‘i Kenges raisini saylash masalasi ko‘rib chiqildi va yangi rais saylandi.
Sessiyada davlatimiz rahbari ishtirok etdi va Prezident sifatida 6 yil davomida boshqa hududlarga nisbatan eng ko‘p, ya’ni 9 marta Qoraqalpog‘istonga kelib, bu yerdagi oqsoqollar, tadbirkorlar, yoshlar vakillari bilan muloqot qilganini ta’kidladi.
Ushbu davrda Qoraqalpog‘istonni kompleks rivojlantirishga qaratilgan 31 ta farmon va qarorlar qabul qilindi. Hududda tadbirkorlik sub’ektlari soni 2 barobarga ortdi, qariyb 4,5 mingta investitsiya loyihalari ishga tushirildi.
Qoraqalpog‘istonda ichimlik suv ta’minoti 40 foizdan 68 foizga, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 32 foizdan 76 foizga, aholi daromadlari jon boshiga 2 barobarga oshdi. 2017-2021 yillarda 26 ming 400 ta turar-joy barpo etildi.
Prezidentimiz har safar kelganida Qoraqalpog‘istonga va qoraqalpoq xalqiga yaxshi yangiliklar, alohida e’tibor va mehrini ko‘rsatadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi va davlatimiz rahbari hududni rivojlantirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi, bir qator imtiyozlar berilishini e’lon qildi.
Xususan, paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirib, har bir oilaga 2 gektardan yer ajratish, 15 sentyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston uchun pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga temir yo‘l va aviachiptalar sotib olish uchun 50 foizlik imtiyozni tiklash, faqat Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun mamlakatimizdagi barcha oliygohlarga alohida 6,5 mingta qabul kvotalari joriy etish va boshqa ko‘plab imtiyozlar joriy etilishini ma’lum qildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qaysi soha tilga olinmasin, albatta keng tahlil etilib, muammolarni hal qilish yo‘llari va aniq vazifalar belgilab berilishi bilan diqqatga sazovordir.
Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga qaratayotgan e’tibori biz deputatlarga o‘ziga xos mas’uliyat bo‘ldi, desam yanglishmagan bo‘laman. Faxr bilan ayta olamanki, davlatimiz rahbarining tashrifi xalqimizni baxt-saodatning oydin yo‘liga chorlab, buyuk kelajakka bo‘lgan yuksak ishonchini yanada mustahkamladi. Biz har birimiz Vatanimizni Prezidentimizday ardoqlab sevib, do‘stlik va birodarlikni, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga hissa qo‘shishimiz kerak.
Tajibay Romanov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zMTDP fraksiyasi rahbari.
O‘zA