Qorako‘lchilik klasterlari faoliyati o‘rganildi
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida 5 ta qorako‘lchilik klasteri tashkil etilgan edi.
Mazkur qorako‘lchilik klasterlari tomonidan joriy yilda 22 ta, xususan, junni qabul qilish va birlamchi qayta ishlash bo‘yicha 11 ta, donador omuxta yem ishlab chiqarish bo‘yicha 5 ta, bo‘rdoqilash kompleksini tashkil etish bo‘yicha 3 ta hamda xorijdan naslli qo‘ylarni olib kelish bo‘yicha 3 ta loyihani yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov boshchiligidagi guruh a’zolari viloyatdagi klasterlar faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida klasterlarga sohadagi imkoniyatlarini kengaytirish, faoliyatlarida mexanizatsiyalashgan kompleksni tatbiq etish borasida tushunchalar, zamon talablari asosida ish olib borish bo‘yicha ko‘rsatma va takliflar berildi.
Ma’lumki, chorvachilikda klaster tizimining joriy etilishi bu, avvalo, hududlardagi yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qo‘llagan holda mayda shoxli naslli mollarni ko‘paytirish klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish va xom ashyoni qayta ishlash mexanizmini shakllantirish, shuningdek, aholi bandligini ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA