Qor qoplonini asrab qolish zarur
Samarqandda BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining “Tabiat chegara bilmaydi” shiori ostidagi 14-yig‘ilishi (CMS COP14) o‘z ishini boshladi.
Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya 1979 yilda Germaniyaning Bonn shahrida qabul qilingan va 1983 yilda kuchga kirgan. 133 davlat a’zo bo‘lgan ushbu konvensiyaga O‘zbekiston 1998 yilda qo‘shilgan. 1998 yilda Hukumat qarori bilan biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining birinchi Milliy strategiyasi va Harakatlar rejasi tasdiqlandi. Bu mahalliy flora va faunani muhofaza qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda tegishli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
11 fevral kuni Samarqandda xalqaro forum munosabati bilan BMT bayrog‘ini ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrochi kotibi Emi Frankel ishtirok etdi.
Shundan so‘ng qor qoploni va ekotizimlarni muhofaza qilish bo‘yicha global dastur (GSLEP) boshqaruv qo‘mitasining vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qor qoplonlari yashaydigan mamlakatlarning atrof-muhit vazirlari, shuningdek, hamkor tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari (XMI) vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, qor qoploni va uning ekotizimlarini asrab-avaylash nafaqat ekologik nuqtai nazardan muhim, balki katta meros va madaniy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
– O‘zbekistonda tabiatni asrash va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – dedi A.Abduhakimov. – Xususan, ekologik strategik siyosat bo‘yicha qator hujjatlar, qarorlar va chora-tadbirlar rejalari, jumladan, 2030 yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2028 yilgacha bio xilma-xillikni saqlash strategiyasi va boshqalar qabul qilindi. O‘zbekistonda GEF va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda qor qoplonini saqlash loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Bu bizga ekologik ta’limga yo‘naltirilgan ikkita tashrif markazini yaratish va SMART patrul tizimini joriy qilish imkonini berdi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan G‘arbiy Tyan-Shanda qor qoplonlarini saqlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani ham faxrlanarli natijadir.
Yig‘ilishda qor qoplonlari yashaydigan 12 davlat hukumatlari, shuningdek, GSLEP kotibiyati va hamkorlar tomonidan 2013 yilda qabul qilingan Bishkek deklaratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlar jamoaviy baholandi, istiqboldagi ustuvor rejalar belgilandi. Aniqlangan moliyaviy kamchiliklar muhokama qilinib, kelajakdagi resurslarga bo‘lgan ehtiyoj baholandi va qor qoplonini saqlash tashabbuslarini moliyalashtirish usullari qayd etildi.
Xalqaro moliya institutlari va donor davlatlar ishtirokidagi mazkur yig‘ilish qor qoplonlari populyatsiyasini saqlash va iqlim ta’siriga moslashish maqsadida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, loyihalarni boshlash va mamlakatga grant mablag‘larini jalb qilish imkonini beradi.
Bugungi voqelikda global isish va muzliklarning erishi bilan qor qoplonlarining yashash muhiti va uning o‘lja manbalariga tuzatib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazayotgan iqlim o‘zgarishi sharoitida ushbu qimmatli turni saqlab qolish uchun transchegaraviy va davlatlararo hamkorlik muhim ekanligi qayd etildi.
[gallery-15919]
Muloqotni o‘z vaqtida o‘tkazish, qor qoplonlarining yashash muhitini asrab-avaylash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish muhimligini inobatga olib, yig‘ilish yakunlari bo‘yicha asosiy majburiyatlar belgilab berilgan Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. U hukumatlarni, rivojlanish bo‘yicha hamkorlarni va moliyaviy institutlarni iqlim o‘zgarishiga moslashish va saqlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni jadallashtirish uchun innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini o‘rganish orqali GSLEP dasturi va tegishli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi (CMS COP14) rasmiy ochilish marosimi 12 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov(surat),
O‘zA muxbirlari