Qo‘qonda kasblar festivali
Mamlakatimizda yoshlarning ilm olishlari va kasb-hunar egallashlariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas. Zero, ularning nechog‘li bilimli va intellektual dunyoqarashga ega bo‘lishlari yurtimiz kelajagini, sohalar taraqqiyotini belgilaydi. O‘quvchi-yoshlarni o‘zlari qiziqqan kasb-hunarga yo‘naltirish, raqobatdosh kasblarni egallashga qiziqtirish esa dolzarb vazifalardan sanaladi.
Ta’kidlash kerak, yangi tashkil etilgan texnikum va politexnikumlarga endilikda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9 va 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. Qo‘qon shahar 2-son politexnikumi jamoasi ham bunga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Politexnikumga Farg‘ona texnika universiteti biriktirilgan bo‘lib, o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashda, ilmiy va innnovatsion loyihalarni amalga oshirishda, kasbiy ta’lim sifati va samaradorligini yuksaltirishda ko‘maklashadi.

Qo‘qon shahar 2-son politexnikumida 2025-2026 o‘quv yili uchun o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri doirasida o‘tkazilgan kasblar festivalida ana shu jihatga urg‘u berildi. Festivalda shahar va atrof tumanlardagi maktablarning ming nafarga yaqin 9-11 sinf bitiruvchilari, maktablar rahbarlari, ota-onalar va ish beruvchi korxona-tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Politexnikum faoliyati, 12 ta kasb yo‘nalishlari, o‘quv amaliyoti va yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ko‘rgazmalar namoyish qilindi. Qo‘qon shahridagi mexanika zavodi, “Avtotexxizmat”, “Bulut textile”, “Taraqqiyot” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Farg‘ona suv ta’minoti” va “Vodiy gaz ta’minot” korxonalarining shahar bo‘limi mutasaddilari tomonidan kadrlarga ehtiyoj, ishchilarning mehnat sharoiti va malakasini oshirish masalalari borasidagi tushuntirishlari barcha ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Politexnikum o‘quvchilari tomonidan yaratilgan texnik ijodkorlik buyumlari, ijodiy ishlar hech kimni befarq qoldirmadi.
– Bugungi kasblar festivaliga Qo‘qon shahridagi 46 ta, shuningdek, atrof hududdagi 10 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilar taklif etildi. Tadbir o‘quvchilarimizda katta taassurot qoldirdi. Ushbu politexnikumda o‘qish istagini bildirganlar ko‘p bo‘ldi, – deydi shahardagi 14-maktab psixologi Hurriyatxon Haydarova. – Bunday tadbirlar yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berishimizda, o‘zlari qiziqqan kasb-hunarni egallashlarida muhim ahamiyatga ega.

Mazkur ta’lim muassasasi o‘quvchilari o‘z iqtidor va bilimini namoyish qilib, qator tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelishmoqda. Jumladan, tikuvchilik mahsulotlari dizayneri yo‘nalishi o‘quvchisi Nodiraxon Ilhomjonova joriy yil 30-31 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan “Yilning eng faol o‘quvchisi” respublika ko‘rik-tanlovida qatnashib, diplom bilan taqdirlandi.
Kasblar festivalida Nodiraxon va uning guruhdoshlari o‘zlarining badiiy-ijodiy chiqishlari, namoyish etgan milliy liboslar ko‘rgazmasi bilan olqishga sazovor bo‘ldilar.

M.Sulaymonov, O‘zA