Qonunlar – taraqqiyot garovi
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, yangi qonunning ishlab chiqilishiga nafaqat ilgʻor xorijiy va qoʻshni mamlakatlar tajribasidan, balki yurtimizdagi mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid amaliyotdan kelib chiqqan holda yondoshildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 14-avgust kuni imzolangan “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan shu yilning 21-avgust kuni qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullangan.
Eʼtiborlisi shundaki, mazkur qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentyabrda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi hamda 2004-yil 2-dekabrda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartishlar kiritildi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, yangi qonunning ishlab chiqilishiga nafaqat ilgʻor xorijiy va qoʻshni mamlakatlar tajribasidan, balki yurtimizdagi mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid amaliyotdan kelib chiqqan holda yondoshildi. Shuni tan olish kerakki, keyingi yillarda Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, uning oʻrinbosari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, soliq qoʻmitasi va ijro hokimiyatining soha va idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldidagi hisobdorligi qonunlarda belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, bu borada kutilgan natijalarni bermayotganini hayotning oʻzi tasdiqlab turibdi.
Prezidentimizning ”Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq eksperiment tariqasida tashkil etilgan xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashi kotibiyatlari endilikda samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Yaʼni, bu boradagi amaliy tajriba oʻzini toʻla oqladi. Shu bois, yangi qonunni ishlab chiqilishiga nafaqat ilgʻor xorijiy, balki yurtimizdagi mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid amaliyot ham tom maʼnoda ijobiy turtki boʻldi.
Mahalliy davlat hokimiyati tizimida hokimiyatlar boʻlinishi tamoyilining roʻyobga chiqarilishini taʼminlash uchun dadil qadam sifatida baholanayotgan ushbu qonunning bajarilishiga erishish, joylarda mahalliy Kengash deputatlari faolligi va tashabbuskorligini yana-da oshirish OʻzLiDeP va uning faollari oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.
Qonunda mahalliy Kengashlarning hududlar kesimida muhim qarorlar qabul qilish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini nazorat qilish boʻyicha rolini yana-da oshirishda, ularni tashkiliy, texnikaviy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlovchi boʻlinmalarni tuzish yuzasidan qator vazifalar belgilab berilganki, bu ham oʻz navbatida mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari ish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Shuni hisobga olgan holda OʻzLiDeP viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan deputatlik guruhlarining aʼzolari uchun maxsus siyosiy oʻquvlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, onlayn shaklda oʻtkaziladigan oʻquv ishtirokchilariga “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra mahalliy Kengashlarda tuzilayotgan kotibiyatning oʻrni va roli aniq misollar yordamida tushuntirib berilayotganligi eʼtiborga molik. Muhimi – kotibiyatlarning tashkil etilishi davlat dasturlarining hududlar kesimida ijro etilishi ustidan taʼsirchan deputatlik nazorati taʼminlanishi uchun zarur sharoitlar yaratadi. Siyosiy partiyalarning izchil faoliyat olib borishi, oʻz vakolatlaridan amaldagi qonunlar doirasida foydalanishlari uchun esa bu nihoyatda muhimdir.
Farmon AMINOV,
OʻzLiDeP Buxoro viloyati Kengashi raisi,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati