Qonunchilikdagi yangiliklar muhokama qilindi
Bu haqda Adliya vazirligida qonunchilikdagi yangiliklarga bagʻishlangan tadbirda maʼlumot berildi.
Joriy yil 1-apreldan boshlab fuqarolarning Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi.
Bu haqda Adliya vazirligida qonunchilikdagi yangiliklarga bagʻishlangan tadbirda maʼlumot berildi.
Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi “Davlat tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolarga maʼlumotnomalar berish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mohiyati haqida aytildi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2020-yil 1-apreldan boshlab Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri tomonidan fuqarolarning hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani toʻgʻridan-toʻgʻri berish amaliyoti bekor qilinadi. Narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladi.
2020-yil 1-martgacha davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimi ishlab chiqiladi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan brifingda joriy haftada qabul qilingan 10 ga yaqin qonun hujjati haqida maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, notariat tizimi tubdan isloh qilinishi munosabati bilan Oʻzbekistonning 10 dan ortiq qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Jumladan, “Garov toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartishga koʻra, birlamchi bozordan koʻchmas mulk va transport vositalarini olish chogʻidagi ipoteka va garov toʻgʻrisidagi shartnomalarning notarial tasdiqlanishi talab etilmaydi.
Shuningdek, “Notariat toʻgʻrisida”gi qonun xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius, notarial palataga oid normalar bilan toʻldirildi. Jumladan, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius, yuridik shaxs tashkil etmagan holda oʻz idorasiga ega boʻlishga, bank hisobvaragʻi va boshqa shaxsiy hisobvaraqlar ochishga, mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻlishga hamda majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishga, xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishga, sudda oʻz nomidan ishtirok etishga hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqlidir.
Brifingda, shuningdek, Prezidentimizning “Oʻzbekistonning xalqaro iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni, “Oʻzbekistonning 2020-2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, “2020-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorlari haqida tushuntirish berildi.