Qonun talablarini buzganlar jarimaga tortildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sho‘manoy tumani bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Veterinariya to‘g‘risida”gi, “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi o‘rganilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi.
– Tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limiga qarashli 4 ta veterinariya shoxobchasida mana shunday kamchiliklar ma’lum bo‘ldi, – deydi katta inspektor Yesemurat Namatullayev. – Jumladan, “Aq jap” ovul fuqarolar yig‘ini 2-son veterinariya uchastkasi feldsheri M.Genjeboyev, “Begjap” ovul fuqarolar yig‘ini 7-son veterinariya uchastkasi feldsheri B.Yeshboyev, “Birleshik” ovul fuqarolar yig‘ini 6-son veterinariya uchastkasi feldsheri G.Qutlimuratov va “Qoraboyli” mahalla fuqarolar yig‘ini 8-son veterinariya uchastkasi feldsheri N.Mambetniyazov tomonidan sun’iy urug‘lantirilgan sigir va g‘unajinlarni ro‘yxatga olish kitobi to‘liq yuritilmaganligi aniqlandi. Natijada O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonuni 11-moddasi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 92-moddasiga asosan tegishli tartibda har bir xodim bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari hisobida, jami 5 million 400 ming so‘mdan jarimaga tortildi.
Inspeksiya tuman bo‘limi boshlig‘ining 2022 yil 11 may kungi buyrug‘iga asosan “Qoraboyli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan chorvachilikka ixtisoslashgan “Begjapli Beksulton Chorva” naslchilik fermer xo‘jaligi hamda “Qiyat Axun qarag‘an” chorvachilikka ixtisoslashgan naslchilik fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan tekshirish davomida ham mana shunday kamchiliklar aniqlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonuni hamda sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining bajarilishi o‘rganilganda 2020-2021 yillarda chet davlatlardan olib kelingan naslli mollarni identifikatsiyalash, hisobga olish va chiqarish kitobida qay etilmagani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, sun’iy urug‘lantirish shoxobchalari talab darajasida jihozlanmagan.
Natijada O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonuni 11-moddasi talablari buzilgan, deb topilib, to‘plangan ish materiallarini jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘manoy tumani sudiga kiritish choralari ko‘rilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA