Qonun talablariga rioya qilaylik!
Oxirgi paytlarda ba’zi manbalar, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim davlat organlari mansabdor shaxslari qatorida sudyalarga nisbatan ham har xil nomunosib munosabat bildirish, ya’ni ularni asossiz ayblash, qadr-qimmati va sha’niga salbiy ta’sir qiladigan chiqishlar uchrab turibdi.
O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi o‘z ustavida ko‘rsatilgan asosiy maqsad va vazifalardan kelib chiqib, jamoatchilikda sudga nisbatan salbiy fikrlar yuzaga kelishiga hamda sudyalarning sha’niga putur yetkazishga sabab bo‘ladigan asossiz ma’lumotlarni tarqatish bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni va umuman, barcha fuqarolarni qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan muayyan talablardan xabardor etishni maqsadga muvofiq deb topdi.
Biz huquqiy demokratik davlatda yashayapmiz. Shunday ekan, hokimiyatning oliy organlaridan biri bo‘lgan parlamentimiz tomonidan qabul qilingan qonunlarga va ayniqsa, qomusimiz – Konstitutsiyamiz moddalari talablariga so‘zsiz rioya qilish har birimizning muqaddas burchimizdir. Respublikamizdagi barcha fuqarolar, u kim bo‘lishidan, qaysi mansabda ishlashidan qat’i nazar, quyidagi qonun talablaridan xabardor bo‘lishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
To‘g‘ri, har sohada ham ob’ektiv, ham sub’ektiv sabablarga ko‘ra kamchilik va nuqsonlar borligidan barchamiz xabardormiz. Biroq, kamchilik va nuqsonlar xususida qay tartibda tegishliligiga qarab murojaat qilish ham qonunlarimizda aniq qilib ko‘rsatilgan.
Shunday ekan, qonunlarda ko‘rsatilgan huquqlarimizdan to‘g‘ri foydalanish o‘rniga, kamchiliklar deb,biror-bir shaxsga nisbatan hurmatsizlik qilish orqali uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, biryoqlama va noxolis, aholida davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otadigan ma’lumotlarni ochiqdan-ochiq tarqatish qonunlarimiz bilan man etilgan.
Buning uchun ma’muriy va hatto, jinoiy javobgarlik belgilanganligini ham bilishimiz zarur. Shu bois fuqarolarimiz ayrim qonun talablariga e’tiborli bo‘lishlari lozim. Quyidagi qonun talablarini o‘qib, o‘rganib, ularga rioya qilsalar.
Konstitutsiyaning 48-moddasida “Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar» deyilgan.
O‘zimizga savol berib ko‘raylik-chi, barchamiz Konstitutsiyaning ushbu talabiga rioya qilyapmizmi?!
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasida esa sudyalarning mustaqil ekanliklari va faqat qonunga bo‘ysunishi, ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi, ushbu moddaning ikkinchi qismida esa sudyalarning daxlsizligi qonun bilan kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan. Endi bir o‘ylab ko‘raylik, barchamiz qonunning shu talabiga rioya qilyapmizmi?!
«Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 68-moddasida sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik belgilangan, ya’ni fuqarolar sudyalarni hurmat qilishi va ularning mustaqilligiga rioya etishi shart. Sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilish, shuningdek, uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlar qilish qonunga binoan javobgarlikka sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 1021-moddasining beshinchi qismida, hattoki, har qanday fuqaroga nisbatan or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘-e’tiborini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatgan shaxsdan ma’naviy zarar undirilishi ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasida haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik uchun huquqbuzarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasida haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin yana sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi, mumkin deyilgan.
Barchamiz qonunlarimizning bu talablaridan xabardor bo‘lib, ularga rioya qilsakkina, biror bir noxush holatga tushmaymiz.
Muxtasar aytganda, yuqoridagi qonun normalarini tarbiyaviy nuqtai nazardan, har xil noxushliklarning oldini olish maqsadida, fuqarolarimizni o‘zaro hurmatda bo‘lishga da’vat etgan holda keltirdik.
Zero, Konstitutsiyaviy burchlarimizni chuqur anglab hamda o‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qilib, qonunlarga qat’iy rioya qilish barchamizning asosiy vazifamiz bo‘lib qolishi lozim.
Shunda har birimiz, men huquqiy demokratik davlatda yashayman va unga o‘zimning qonuniy hissamni qo‘shmoqdaman, chunki mening fuqarolar va davlat oldidagi burchim ham shuni talab etadi, deb ayta olamiz.
Ubaydulla MINGBOEV,
O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist