Qonun loyihasi takomillashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi va O‘zLiDeP fraksiyasi hamkorligida davra suhbati o‘tkazildi.
“Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini takomillashtirish masalasi muhokama markazida bo‘ldi.
Davra suhbatida qonun loyihasi “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturining 56-bandidagi “Yo‘l-transport hodisalarini rasmiylashtirishning “Yevroprotokol” tamoyillariga asoslangan soddalashtirilgan tartibini joriy etish” vazifasi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgani alohida qayd etildi.
Mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalarining katta qismi tan jarohatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan holda sodir etilayotgan bo‘lib, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bunday yo‘l-transport hodisalarining soni 2018 yilda 13 701 ta, 2019 yilda 23 246 ta hamda 2020 yilda 16 023 tani tashkil qilgan.
Amaldagi qonunchiligimizda yo‘l-transport hodisasini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish mexanizmi mavjud emas. Natijada barcha yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha ishlar sud tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinmaguniga qadar fuqarolar majburiy sug‘urta qilish shartnomasiga asosan sug‘urta tovonini olish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.
Tan jarohatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda fuqarolar o‘zaro bir-birlariga da’volari bo‘lmagan holatlarda ham hodisa joyiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimini chaqirishga majbur bo‘lmoqda. Mazkur huquqbuzarliklar umumiy asoslariga ko‘ra, ba’zi holatlarda ikki oylab ko‘riladi hamda fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudlarga qatnab, ortiqcha ovora bo‘lishlariga hamda jarima to‘lashlariga sabab bo‘lmoqda.
Ishlab chiqilgan qonun loyihasida tan jarohati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisasini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish asoslari, qoidalari va tartibi belgilab berilyapti.
Davra suhbatida ishtirokchilari tomonidan qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar berildi. Qonun loyihasidagi kamchiliklar bartaraf etildi.
Berilgan takliflar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida inobatga olinadigan bo‘ldi.
O‘zA