Qonun loyihasi muhokama etildi
Toshkent davlat yuridik universitetida “Qonunchilikni isloh qilishda olimlar va mutaxasisslar roli: O‘zbekiston Respublikasining “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi misolida” mavzusida ilmiy munozara o‘tkazildi.
Anjumanda xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari, respublika va chet el yuridik oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari yetakchi olimlari, professor-o‘qituvchilar, doktorant va mustaqil izlanuvchilar, shuningdek, yuridik ta’lim va fan amaliyotiga aloqador ekspertlar ishtirok etdi.
Ushbu ilmiy munozara O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ilmiy munozara o‘tkazish, bu borada tegishli taklif va ilmiy xulosalar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini ta’minlash hamda samarali migratsiya siyosatini izchil rivojlantirish, sohaning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga doir masalalar muhokama qilindi.
Qayd etish kerak, tashqi mehnat migratsiyasi sohasida islohotlarni amalga oshirish sohasidagi ilmiy va amaliy bilimlarni oshirish, ilmiy yondashuvlarga tayangan holda aniq yechim va tavsiyalar shakllantirish yig‘ilganlar diqqat markazida bo‘ldi.
[gallery-6862]
Umuman, uzoq vaqt davomida migratsiya, mobillik bo‘yicha to‘plangan va ortib borayotgan ma’lumotlar ko‘lami shuni ko‘rsatadiki, migratsiya, asosan, keng miqyosli global iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va texnologik o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lib, keng va ustuvor istiqbolli masalalarga ta’sir qiladi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hisobotiga ko‘ra, har yili mamlakatning 3 milliondan ortiq fuqarosi migratsiya jarayoniga jalb qilinadi.
Ilmiy munozarada mehnat migratsiyasi aholini yuqori haq to‘lanadigan ishlarni tanlash orqali bandlikni ta’minlashning muhim sohasiga aylanayotgani e’tirof etildi. Mamlakatning qator hududlarida yuqori ishsizlik sharoitini bartaraf qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Iqtisodiyot va tadbirkorlik sohasida tadqiqotlar bo‘limi bosh ilmiy xodimi Saidahmad Eshonxo‘jayev loyiha to‘g‘risidagi fikrlarini bildirdi:
– Ishlab chiqilayotgan Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi qonun ko‘p jihatlarni, jumladan, migratsiya jarayonini tartibga solish bo‘yicha asosiy vazifalarni belgilab beradi. Qolaversa, noqonuniy migratsiyani kamaytirish, migrantlar huquqini himoya qilish, milliy xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarni ishga joylashtirish tartibini soddalashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga imkon yaratadi.
Anjuman yakunida sohani yanada rivojlantirishga doir muhim takliflar ilgari surildi.
Behruz Xudoyberdiyev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA