Qonun loyihalari muhokamada
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi tavsiyasiga koʻra parlament yuqori palatasiga maʼqullash uchun kiritiladigan bir qator qonun loyihalarining joylarda muhokamalari boʻlib oʻtmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi tavsiyasiga koʻra parlament yuqori palatasiga maʼqullash uchun kiritiladigan bir qator qonun loyihalarining joylarda muhokamalari boʻlib oʻtmoqda.
Jizzaxda qonun loyihalari muhokamasiga bagʻishlab Oliy Majlis Senati Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasining viloyatdagi ishchi guruhi bilan xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy komissiyalari qoʻshma majlisi oʻtkazildi.
Oliy Majlis Senati Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasining viloyatdagi ishchi guruhi rahbari, senator Gulnora Toʻrayeva boshqargan majlisda viloyat Kengashi deputatlari, muhokama etilayotgan qonun sohasi boʻyicha tashkilotlar vakillari, mutaxassislar ishtirok etdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Senatga maʼqullash uchun kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi, “Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi va boshqa qonun loyihalari muhokama qilindi.
Viloyat Kengashi deputatlari qonunlar loyihalari muhokamasi davomida ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha oʻzlarining taklif va mulohazalarini bildirdi. Jumladan, Jizzax politexnika institutining prorektori Sirojiddin Tovboyev “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining 3-moddasini “Ilm-fan va ilmiy faoliyat subyektlari huquqlari tengligi”, 4-moddasini “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning ilmiy-ijodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash”, 10-moddasini “Fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini amalga oshirish asosida mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ishtirok etadi”, degan jumlalar bilan toʻldirishni, bundan tashqari, loyihaga “Yirik va mayda ishlab chiqaruvchi korxonalarning ilm-fan va ilmiy faoliyatidagi ishtiroki” degan moddani qoʻshishni taklif qildi.
Viloyat uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi vakili S.Isoqov “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasidagi “koʻp kvartirali” soʻzlarini “koʻp xonadonli” soʻziga oʻzgartirishni taklif qildi.
Shuningdek, muhokama etilgan boshqa qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan deputatlar va soha mutaxassislari tomonidan qator amaliy takliflar bildirildi.
Qonun loyihalarining mahalliy Kengashlar deputatlari va tegishli idoralarning vakillari tomonidan atroflicha muhokama etilishi, shubhasiz, mazkur qabul qilinadigan qonunlarning pishiq-puxta boʻlishini taʼminlaydi. Yigʻilishda qonun loyihalarini xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlarida ham muhokama qilish tavsiya etildi.