Qo‘mondon yoshlar bilan uchrashdi
FOTOREPORTAJ
Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramini munosib nishonlash maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab joriy etilgan “Vatanparvarlik oyiligi” doirasida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhod Shermatov Nukus shahrida joylashgan Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari bilan uchrashdi.
Tadbir avvalida qo‘mondon yoshlar bilan birga O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupovning xotirasiga hurmat bajo keltirib, maktab oldida o‘rnatilgan byusti poyiga gul qo‘ydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yilda bunyod etilgan ushbu maktab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov nomini abadiylashtirish, uning izdoshlarini kashf etish va iste’dodini keng namoyon qilishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ochilgan. 239 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan maktabda o‘quvchilarga qoraqalpoq tili fani va adabiyoti chuqur o‘rgatiladi.
[gallery-5239]
“Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvida yoshlar milliy armiyamiz, mudofaa salohiyatimiz, harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuq va marralar haqida qo‘mondondan batafsil ma’lumot oldi.
Harbiy okrug rahbari o‘z nutqida so‘nggi yillarda Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi jangovar tayyorgarlik xususida so‘z yuritib, o‘quv-jangovar mashg‘ulotlar murakkablashtirilayotgani, topshiriqlarni tungi sharoitda, notanish poligon va hududlarda bajarish imkoniyatlari oshirilgani, taktik harakatlarning yangi usul va uslublari amaliyotga samarali joriy etilayotganini e’tirof etdi. Xalqaro harbiy va harbiy-texnik hamkorlik doirasida yo‘lga qo‘yilgan har tomonlama aloqalar natijasida nufuzli harbiy akademiyalar va markazlar mutaxassislari bilan tajribalar almashilayotgani, rivojlangan mamlakatlar mudofaa akademiyalari, strategik tadqiqotlar markazlari bilan aloqalar mustahkamlanayotganini alohida ta’kidladi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida qo‘mondon yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantirib, har bir insonning o‘z ulkan orzu va maqsadi bo‘lishi kerakligini, unga erishish uchun o‘qib-izlanib, mehnat qilish zarurligini uqtirdi, pandu-nasihatlar berdi. Ezgu maqsadlarga erishishning oddiy sirlari haqida o‘rtoqlashib, yoshlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.
Uchrashuvda faol ishtirok etgan yoshlar va maktab jamoasiga harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan faxriy yorliq hamda badiiy adabiyotlar to‘plamlari taqdim etildi.
Mehmonlar maktabda o‘quvchilarning sifatli va jahon standartlariga mos tarzda ta’lim-tarbiya olishi, ijod bilan shug‘ullanishi, yashashi, ovqatlanishi hamda sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan keng imkoniyat va qulayliklar hamda maktab fondidagi I.Yusupov hayoti va ijodiga oid kichik muzey fondi bilan tanishdi.
Nukus garnizoni harbiy orkestri hamda faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan bayramona konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA