Qo‘mitada ikkita vazirlikning axboroti eshitildi
Mamlakatimizda olib borilayotgan barcha sohadagi keng qamrovli islohotlarning zamiridagi asosiy maqsad aholi bandligini ta’minlash, ularning turmush farovonligini oshirishdir. Taraqqiyot strategiyasida ham mazkur masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 2026 yil yakuniga qadar kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish, hududlarda xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish orqali keyingi 5 yilda 3,5 million yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi ezgu vazifalar o‘z aksini topgan.
Ta’kidlash joiz, 2021 yil 14 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar hamda dasturlar ijrosi yuzasidan parlament nazoratini tizimli amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan edi.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida Navoiy, Surxondaryo,Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida yangi ish o‘rinlari tashkil etish holatlari nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Investitsiya va tashqi savdo vazirliklari tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotlar eshitildi.
Qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining «Joriy yilning yanvar–aprel oylarida hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida»gi hisoboti eshitildi.
Axborotda keltirilganidek, hisobot davrida xizmatlar sohasida 520 mingta ish o‘rinlari yaratilgan. Ularning 121 mingtasi 50 mingdan ziyod yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ishga tushirish, mavjudlarining faoliyatini kengaytirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hisobiga tashkil etilgan. Jumladan, ish o‘rinlarining 35,8 mingtasi savdo va umumiy ovqatlanish, 13 mingtasi maishiy xizmat, 6,2 mingtasi ta’lim va tibbiyot, 2,6 mingtasi qishloq xo‘jaligi, 63,6 mingtasi boshqa xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri keladi.
Hunarmandchilik yo‘nalishida 2022 yilda ajratiladigan kreditlar va subsidiyalar hisobiga jami 80 ming nafar yangi ish o‘rinlari tashkil etish belgilangan bo‘lib, 1 may holatiga 4 986 ming nafar usta hunarmandlar va 20 233 nafar shogirdlar hisobiga 25 219 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Deputatlar yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan ishlarni e’tirof etgan holda, ayrim kamchilik va muammolarga ham e’tibor qaratishdi. Xususan, hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, zarur xom ashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash, ularga mustaqil faoliyatini boshlash uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishga subsidiyalar bugungi kunga qadar ajratilmaganligi deputatlar tomonidan tanqid qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash borasidagi vazifalar yuzasidan parlament nazoratini kuchaytirish, saylov okruglariga chiqqanlarida mazkur masalalarga alohida e’tibor qaratish hamda vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, yig‘ilishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikni ta’minlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar natijasida yurtimiz xalqaro miqyosdagi reyting va indekslarda yuqori pog‘onaga ko‘tarilmoqda.
Tadbirda vazirlikka biriktirilgan xalqaro 4 ta indeksning 27 ta ko‘rsatkichi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar deputatlar tomonidan muhokama qilindi.
Bir qator indikatorlarda metodologiyaning o‘zgarganligi xususan, Iqtisodiy erkinlik indeksining 2022 yilgi hisobotida mehnat bozori indikatori tarkibidagi subindikatorlar soni 9 taga yetgani munosabati bilan vazirlik tomonidan shunga monand ravishda o‘z ish-rejalarini o‘zgartirish kerakligi deputatlar tomonidan ta’kidlandi.
Tadbir yakunida mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini joriy qilish, amaldagilarini yuksaltirish bo‘yicha joriy yilga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqib, ijrosi ta’minlanishi yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
N. Rahmonova, O‘zA