Qoʻraga oʻgʻri tushdi...
Lekin sud tomonidan uning yoshligi eʼtiborga olinib, bir marotaba imkon berilgan edi.
Xalqimizda “Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi”, degan gap bor. Bu gap bejizga aytilmagan.
S.Rahimov muqaddam oʻgʻrilik jinoyatini sodir etganligi sababli jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. Lekin sud tomonidan uning yoshligi eʼtiborga olinib, bir marotaba imkon berilgan edi. U jinoyati uchun jazodan ozod qilingan boʻlsa-da, tavba neligini bilmadi.
S.Rahimov, 2020-yil fevral oyining oʻrtalarida spirtli ichimlik isteʼmol qilib, mast holatda Navbahor tumani “M.Ulugʻbek” mahalla fuqarolar yigʻini, Jizlon dasht hududidagi S.Oʻngarovning qoʻy qoʻrasiga devor teshigi orqali gʻayriqonuniy ravishda kirgan. Qoʻy qoʻra ichidan bahosi 800.000 soʻmlik bir bosh qoʻyni oʻmargan.
Bundan tashqari, u oʻzining jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, spirtli ichimlik isteʼmol qilgan mast holatda, 2020-yil fevral oyining oʻrtalarida Navbahor tumani, “M.Ulugʻbek” mahalla fuqarolar yigʻini, Jizlon dasht hududidagi Ch.Oʻngarovning qoʻy qoʻrasiga A.Boqiyev va boshqalar bilan Matiz rusumli avtomashinada kelib, devor teshigi orqali gʻayriqonuniy ravishda yeirgan. Matiz avtomashina haydovchisiga bu oʻzining qoʻylari ekanligini aytgan. Shu tariqa har birining bahosi 800.000 soʻmdan boʻlgan ikki bosh 1.600.000 soʻmlik qoʻylarni Konimex tumanidagi mol bozorida tergov jarayonida shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan fuqarolarga sotib yuborgan.
Mazkur holat jinoyat ishlari boʻyicha Nurota tuman sudi raisi Z.Ibragimov tomonidan koʻrib chiqilib, S.Rahimovni jamiyatdan ajratmagan holda axloqini tuzatishning imkoni yoʻq deb topilib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
S.Rahimov yolgʻiz yashardi. Uning oʻgʻri va aroqqa mukkasidan ketganligini bilgan turmush oʻrtogʻi ham farzandini olib uyiga ketgan edi.
Zafar Ibragimov,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Nurota tuman sudi raisi