Qoʻmondon yoshlar bilan uchrashdi
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Yoshlar oyligiNukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Yoshlar oyligi” doirasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov qoraqalpogʻistonlik yoshlar bilan uchrashdi. Tadbirda Xorazm viloyati yoshlari ham videokonferensaloqa orqali onlayn tarzda qatnashdi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
– Davlatimiz rahbariyati tomonidan siz, yoshlar uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Har bir yigit-qiz qiziqishidan kelib chiqib, oldiga aniq maqsadni qoʻyishi kerak. Qaysi kasb egasi boʻlmang, birinchi navbatda yurtga sadoqat va halollik bilan xizmat qilishga harakat qiling. Ota-onaga, jamiyatga, davlatga kerakli inson boʻlishga intiling. Koʻproq kitob oʻqing, zero kitobdan yaxshi doʻst yoʻq, – deya yoshlarga samimiy maslahat berdi qoʻmondon.
Polkovnik Farhodjon Shermatov Prezidentimiz rahbarligida milliy armiyamizda amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasida bugun xalqimiz va armiyamiz oʻrtasida mustahkam koʻprik oʻrnatilgani, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqil hayotga tayyorlashda harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar faxriylarining oʻrni beqiyos boʻlayotganini taʼkidladi. Qisqa vaqt ichida harbiy obyekt infratuzilmalarini yangilash, armiyamizni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlashda ulkan ishlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etdi.
Tadbirda qoʻmondon qoraqalpogʻistonlik va xorazmlik yoshlar savollariga hayotiy misollar bilan javob qaytardi. Nima uchun aynan Vatan himoyachisi kasbini tanlagani haqida gapirib berdi.
Suhbat davomida yoshlar kelajakda albatta, yurtga fidoyi va jonkuyar inson boʻlib kamol topishga, Vatanga kerakli boʻlishga vaʼda berishdi.
Eng faol yoshlar harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni tomonidan ragʻbatlantirildi.
– Qoʻmondon bilan suhbat davomida Nukus shahar sanʼat va madaniyat kollejining torli va zarbli asboblar yoʻnalishini tamomlaganimni, safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni oʻtaganimni hamda kelgusida harbiy orkestrda xizmat qilishga boʻlgan ishtiyoqimni aytdim, – deydi nukuslik Muhametdin Razatdinov. – Mening qiziqishimni olqishlagan qoʻmondon harbiy xizmatga chaqirish uchun mening hujjatlarimni tez kunda oʻrganish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatma berganida judayam quvondim.