“Qizlar ovozi” respublika forumi
“Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi va qator mas’ul tashkilotlar hamkorligida “Qizlar ovozi” respublika forumi o‘tkazilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 5 ta muhim tashabbus ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda sohaga aloqador vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, talaba-yoshlar, ijodkorlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etayotir.
O‘zbekistonda yosh xotin-qizlar bilan ishlashning zamonaviy modulini yaratishga mo‘ljallangan “Qizlar ovozi” platformasi yaratildi. Ushbu platforma 5 ta yirik loyihani o‘z ichiga oldi. Ilk loyiha sifatida barcha hududlarda “Qizlar ovozi” klublari ish boshladi. bugungi kunda 14 ta hududiy, respublika klublarida 11 ming nafardan ortiq qiz faoliyat olib ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, yurtimizda 30 yoshgacha bo‘lgan jami 18 million 570 ming nafar yoshdan 9 million 90 ming nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Yoshlar ishlari agentligining o‘z oldiga qo‘ygan asosiy vazifalaridan biri mana shu yosh xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy savodxonligini yanada oshirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida faol ishtirokini rag‘batlantirish uchun korxona-tashkilotlarning sa’y-harakatini birlashtirish, respublikada qabul qilingan qonun hujjatlarini amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borishdir.
“Qizlar ovozi” respublika forumida milliy hunarmandchilik namunalari, qizlar kasb-hunar markazlari taqdimoti va fotoko‘rgazma, “Modul-5” loyihasi, liboslar namoyishi va mashhur dizaynerlardan mahorat darslari, “Yosh kuch” jurnali va kitob taqdimoti, “Qizlar ovozi” klubi faoliyatini yanada takomillashtirish va yosh xotin-qizlar bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif va tavsiyalar, “Qizlar ovozi” onlayn maktabi 2-mavsumning yopilishi kabi loyihalar o‘tkaziladi.
Milliy hunarmandchilik namunalari, qizlar kasb-hunar markazlari taqdimoti va fotoko‘rgazmalari namoyishida qadimiy va milliy liboslar, taqinchoqlar va hududimiz etnografiyasiga oid ko‘plab muzey ashyolari, qadimiy kashta va ro‘zg‘or buyumlari bilan boyitilgan ekspozitsiya yaratildi.
Ko‘rgazmada professional va havaskor 14 nafar fotoustaning 150 ga yaqin ijodiy ishi namoyish etilmoqda. Turli fotograflar tomonidan har xil yo‘nalishda olingan zamonaviy suratlar ham o‘rin olgan.
Shuningdek, forumda “Modul-5” loyihasi ko‘rib chiqildi.
– O‘zbekiston va jahonda mashhur yoshlar, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari ishtirokidagi nutqlar, turlicha yangilanishlar bilan faoliyatini davom ettirayotgan motivatsion maydonchalardan biri bu “Modul-5” loyihasi hisoblanadi, – dedi Yoshlar ishlari agentligi axborot va media xizmati bosh mutaxassisi Jahongir Xudoyqulov.
– Navbatdagi “Modul-5” loyihasi maydonida forum ishtirokchi qizlariga motivatsiya berish uchun ularni turli sohada faoliyat olib borayotgan faol ayollar bilan tanishtirish ko‘zda tutilgan. Muloqot tarzida o‘tkazilgan modulda yosh xotin-qizlarni qiziqtirgan mavzulardagi savollarga spikerlar tomonidan aniq, raqamlarga asoslangan, milliy va xorijiy tajribalar misolida javob berildi.
Forumda yana bir loyiha bu “Qizlar ovozi” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasidir. Mazkur konferensiyada uzoq yillar davomida xotin-qizlar hayotida to‘plangan tajribalar, erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda bugungi kunda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi mavjud masalalar yuzasidan fikrlar almashildi. Xususan, bu borada AQSH, Italiya, Hindiston, Shvetsiya kabi 10 ga yaqin xorijiy davlatlar tajribasi ekspertlar ko‘magida tahlil qilindi. Sohaga aloqador vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari mamlakatimizda yosh xotin-qizlar uchun yaratib berilgan imkoniyatlar va o‘z tizimidagi mavjud muammolar, oldini olish bo‘yicha manzilli strategiyalari yuzasidan taqdimot qilishdi. Konferensiya so‘nggida tavsiya va takliflar ishlab chiqilib, hukumatga taqdim etiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA