Qiziqarli va murosasiz bahslar
Toshkentda kiberfutbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi – «UCG FIFA-15»ning finali yakunlandi. Unda eng sara ye-sportchilar mamlakat chempionligi uchun bahslashdi.
Toshkentda kiberfutbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi – «UCG FIFA-15»ning finali yakunlandi. Unda eng sara ye-sportchilar mamlakat chempionligi uchun bahslashdi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «infoCOM.UZ» jurnali va «Alyans Arena» komputer klubi tomonidan tashkil etildi.
Kibersport turlari bo‘yicha musobaqalar dunyoda 20-yildan ko‘proq vaqtdan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Ayni paytda sport simulyatorlari ixlosmandlari soni muttasil oshib borayotir. Birgina “FIFA-15” bo‘yicha kuniga sayyoramiz bo‘yicha 10 milliondan ziyod kishi 100 milliondan ortiq uchrashuv o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari A.Fayzullayevning so‘zlariga ko‘ra, 2003-yildan boshlab mamlakatimizda kibersport bo‘yicha musobaqalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 21-martdagi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sport turini rivojlantirishga yangi turtki berdi.
E-sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda yuksak salohiyatini ko‘p karra namoyish etmoqda. Vakillarimiz AQSh, Singapur, Italiya va Germaniyada o‘tkazilgan “World Cyber Games” jahon chempionatida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. 2013-yilda Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan “AIMAG-2013” Osiyo o‘yinlarida Toshkent shahridan Pavel Saprikin «FIFA-2013» g‘olibi bo‘ldi. O‘sha yili kibersport bo‘yicha o‘tkazilgan “World Cyber Games” jahon chempionatida Abdusapi Qayumov «FIFA-2013» sport simulyatori bo‘yicha beshinchi o‘rinni egalladi.
Kiberfutbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi – «UCG FIFA-15» ilk marta o‘tkazildi. Musobaqaning saralash turlari Toshkent, Samarqand, Urganch, Farg‘ona va Olmaliq shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Ularda 300 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Uch kun davom etgan final bosqichida 32 ishtirokchi O‘zbekiston chempionligi uchun bahs olib bordi. Qiziqarli kechgan bahslarda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan O‘ktam Ibrohimov g‘olib bo‘ldi. Toshkent shahri vakillari Abdusapi Qayumov ikkinchi va Rustam Kattabekov uchinchi o‘rinni egalladi.