Qiziltepada tokzorlar yanada kengayadi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uzum tarkibida ko‘p miqdorda qandlar, organik kislotalar, S, V vitaminlari, oshlovchi va bo‘yoq moddalar mavjud bo‘lib, xalq tabobatida esa uzum sharbati, shuningdek, uzumning nordon navlari ishtahani ochuvchi va ovqat hazm qilishni yaxshilovchi vosita sifatida qo‘llaniladi.
Qiziltepa tumanida ham ana shunday darmondorilarga boy, yuzlab gektar bog‘lar, tokzorlar bor. bugungi kunda tumanda jami tokzorlar 709 gektarni tashkil etadi. 2020 yilda 8 963 tonna hosil olinib, aksariyat qismi Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi bozorlarga yetkazib berilgan bo‘lsa, uning 180 tonnasi Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilingan.
Tumandagi “Gulbog‘” mahallasi azaldan shirindan mevalari-yu, tilni yorar uzumlari bilan dovrug‘ qozongan. G‘ulbog‘lik dehqonlar nafaqat ichki bozorga, balki tashqi bozorga ham meva yetkazib beruvchi asosiy qishloqlardan biri hisoblanadi.
– Mahallamizda 3426 nafar aholi istiqomat qilib, oilalar soni 897 tani tashkil etadi, – deydi mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ma’rifat Qodirova. – Mahallamizda aholining asosiy daromadi bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirishdan olinadi. Ayni paytda hududda 42 nafar fermer 550 gektar maydonda bog‘dorchilik va uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Ular ana shu yerga qilgan mehnatlari samarasi bois to‘kin yashashmoqda. Har yili ular olgan daromadlaridan to‘ylar qilayapti, yangidan-yangi uy-joylar qurayapti, mashina olyapti. Hammasi shu mehnatning orqasidan.
Haqiqatan, “Gulbog‘” mahallasini aylanar ekansiz, serhosil bog‘lar bisyor ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Shu bois qay tomoniga qaramang, mevali bog‘larga, tokzorlarga ko‘zingiz tushadi.
Lutfullo Rahimov hududdagi ustoz bog‘bonlardan biri. U 2003 yilda “Abdukarim Chinnigul” fermer xo‘jaligini tashkil etib, 20 gektarga yaqin bog‘da meva yetishtirib kelmoqda. Shundan 4 gektari olmazor, qolgani uzumzor. Uzumzorlarda uzumning qora kishmish, husayni, kelin barmoq, yangi navlardan esa so‘g‘diyona, danaksiz husayni navlari ham yetishtirilmoqda. Har mavsumda ichki bozorga 60-70 tonna, eksportga 30-40 tonna uzum yetkazib bermoqda.
– Erta bahordagi sovuq hosildorligimizga ham ta’sir qildi, – deydi L.Rahimov. – Har yili gektaridan 20-25 tonna hosil oladigan bo‘lsak, bu yilgi hosildorlik 10 tonnaga tushib qoldi. Biz Navro‘z kuniga qadar toklarni ochib qo‘ygandik. Sovuq ta’sir qildi. Albatta, tabiat hodisalariga hech kim to‘sqinlik qilolmaydi. Ammo mehnat qilgan odam baribir mehnatining samarasini ko‘radi.
Fermer-bog‘bon bilan suhbatlashar ekanmiz, “har bir kishi hosildan ushur berishi kerak. Shu ushurni imkoniyatga yarasha beramiz. Bermasangiz hosil bo‘lmaydi, sog‘lik bo‘lmaydi. Bu ham kerak. Chunki xalqqa qilganing o‘zingga qilganing – Vatanga qilganing. Bu oliyjanob ish aslida”, deydi u.
“Akram bobo” fermer xo‘jaligi ham ana shu “Gulbog‘” mahallasida joylashgan. Fermer Ixtiyor Gadoyev ko‘p tarmoqli fermerlardan biri. U nafaqat mevachilik va uzumchilik bilan, shuningdek, chorvachilik va parrandachilik bilan ham shug‘ullanadi. Qariyb 10 gektar maydonning 5 gektarida olma va shaftoli, qolgan qismida uzum yetishtiradi.
– Bog‘da olmaning 2, shaftolining esa 6 navi bor, – deydi fermer. – Birgina shaftolining o‘zidan joriy yilda 50 million so‘m foyda oldik. Uzumdan ham foydamiz chakkimas – 100 million so‘m sof foydani ko‘zlab turibmiz. Har yili asosan, Rossiya davlatiga 30 tonnagacha uzum, 5 tonna mayiz eksport qilamiz. “Mahfuza” fermer xo‘jaligining 160 tonnalik muzlatkichi bor. Shartnoma asosida mevalarimizni ana shu muzlatkichda saqlaymiz. 20 ta qoramolimiz bor. Shundan 7 tasini go‘shtga boqayapmiz. 4 ta sigirdan kuniga 100 litrgacha sut sog‘ib olinadi. Yuzga yaqin o‘rdak, kurka, tovuqlar bor. Fermer xo‘jaligimizda 8 ta doimiy, 50 ta mavsumiy ishchilar mehnat qiladi.
Ma’lumki, joriy yilning 7 iyul kuni Prezidentimiz uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yurtimizda azaldan uzumchilik an’anasi bo‘lgani, uni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligini alohida ta’kidlagan holda har bir viloyatda yangi eksportbop uzum plantatsiyalari tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.
Ayni paytda Qiziltepa tumanida ham hududlarni uzumchilikka ixtisoslashtirish va aholi xonadonlarida uzum yetishtirish tizimini joriy etish yuzasidan ishlar boshlab yuborilgan.
– Ayni paytda tumanda uzum yetishtirish, saqlash, quritish, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilishning to‘liq siklini yaratish maqsadida uzumchilik klasterlarini tashkil etish borasida ishlar olib borilayapti, – deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Alisher Umedov. – Bunda o‘zlashtiriladigan va yaroqsiz bog‘, tokzorlar o‘rnida uzumchilik plantatsiyalarini barpo etish uchun yer maydonlarini ajratish va talabgorlarga qaror bilan biriktirish, uzum plantatsiyalari uchun yer maydonlari ajratilishida konturlar yaxlitligiga alohida e’tibor qaratish, hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, aholi xonadonlarida uzum yetishtirish tizimini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, sohaga ilg‘or innovatsion texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini joriy etish hamda “in-vitro”laboratoriyalarida va issiqxonalarda uzum ko‘chatlarini yetishtirishni tashkil qilish, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan, sovuqqa va qurg‘oqchilikka chidamli, urug‘siz uzum navlarini tanlash va ekishni tashkil etish, uzumchilik va bog‘dorchilik yo‘nalishida “Bog‘bonlar maktabi”ni tashkil qilish va aholini, xususan, yoshlarni jalb qilgan holda, qisqa muddatli o‘qishlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Hududda uzumchilik klasterlari tomonidan 2021 yilda 1 100 gektar, 2022 yilda 2 400 gektar tokzorlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu tokzorlarning 1 221 gektari yangi o‘zlashtiriladigan maydonlarda, 2 279 gektari esa yaroqsiz bog‘lar o‘rnida tashkil etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda bugun qiziltepalik bog‘bonlarning bitta ezgu maqsadi bor. U ham bo‘lsa yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shish. Ayni paytda ular xalqimiz dasturxoniga sara bog‘dorchilik mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida mehnat qilmoqda.
[gallery-3452]
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA