Qishloqning shaharlik shifokori
15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni
Yosh qizaloqlar maktab davridayoq shifokor bo‘lishni orzu qilganidek, Dilorom Qurbonova ham sharafli kasbni yoshligidan tanlagan bo‘lsa ajab emas. Yana bir tomondan otasi Sulton akaning shifokorligi ham sabab bo‘lgandir.
Otasining ko‘p kunlari safarlarda o‘tardi. “Tez yordam”da doim ish ko‘p. Dilorom otasini kuzatib qo‘yardi. Sulton Qurbonov o‘sha davrda viloyat ko‘ptarmoqli tibbiyot markazida ishlardi. Dilorom opa o‘rta maktabni bitirib Toshkent tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi va uni tamomlab, yetuk mutaxassis bo‘ldi. 1983 yili uning hayotida yangi sahifa ochildi. U Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani markaziy poliklinikasiga yo‘llanma oldi.
Tuman markaziy poliklinikasida akusher-ginekolog sifatida ish boshlagan Dilorom tezda qishloq ayollarining sevimli shifokoriga aylandi. 2001 yili Dilorom Qurbonova kasb mahoratini oshirish uchun Estoniya Respublikasida bo‘ldi. Mirzaobodga tajribasi oshib, g‘ayrati jo‘shib qaytdi va Oqoltin qishloq vrachlik punkti umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishlay boshladi. Qishloq kishilari sodda, shu bilan birga oqibatli bo‘ladi. O‘zlariga qayishgan odamlarni tug‘ishganiday yaxshi ko‘rib qolishadi. Tez orada unga “shifokor qizim”, “opajon”, “singlim” deb murojaat etuvchilar safi ko‘paydi.
– Mening asosiy ishim ko‘proq onalar va bolalar salomatligi bilan bog‘liq. Bolajonlarning salomatligiga posbon bo‘lgan shifokorni qishloq ahli qarindoshday siylaydi, – deydi D.Qurbonova. – Mehnat qilgan odam kun kelib yuzaga chiqar ekan. 2013 yilda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining “Eng yaxshi umumiy amaliyot shifokori” diplomi bilan taqdirlandim. 2019 yil esa Prezidentimiz Farmoni bilan Mustaqilligimizning 28 yillik to‘yida yuksak mukofot “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. Men uchun bundan ortiq baxt yo‘q. Chunki menga xalqim, qolaversa Yurtboshimiz ishonch bildirdi. Bu ishonchni oqlashdek vazifa meni doim izlanishga chorlab, madad berib turadi.
Hamma davrlarda ham odamlar shaharga intiladi. Dilorom Qurbonova esa shaharda yashasa-da, qishloqqa intiladi. Chunki, u qishloq farzandi. U nimaga erishgan bo‘lsa shu qishloqdan topdi. Unga chin ma’noda “Qishloqning shaharlik shifokori” deya murojaat etishsa ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri