Qishloqda tibbiy majmua ish boshladi
Andijon tumani Qo‘nji mahallasida tibbiy majmua – oilaviy poliklinika, shifoxona va tez yordam shoxobchasi yangi binoda ish boshladi.
Tuman hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari, shifokorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tibbiy muassasaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari uchun moslashtirilgan yangi binolar qurish, ularni ilg‘or va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yuksalib borayotganligi ta’kidlandi.
– 1965 yilda qurilgan poliklinika binosi o‘rnida yangitdan barpo etilgan oilaviy poliklinika, shifoxona va tez yordam shoxobchasi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, – deydi Andijon tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Tohirjon Zokirov. – Endilikda tumanning Xakan qishlog‘i hududidagi 19 mahallada istiqomat qiluvchi 60 ming nafardan ziyod aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati yanada ortadi. Turli xastaliklarni erta aniqlash, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, tez yordam xizmatidan foydalanish barobarida katta qulaylik yaratildi.
[gallery-19705]
Oilaviy poliklinikada terapevt, xirurg, stomatolog, UZI va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 60 nafardan ortiq shifokor hamda o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadi. Shifoxona qismida esa 30 nafar bemorning yotib davolanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Ko‘rkam, zamonaviy qiyofaga ega tibbiy majmuani barpo etish va jihozlash uchun dastlabki bosqichda 3 milliard 750 million so‘m, ikkinchi bosqichda 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari