Qishloq xo‘jaligining taqdiri — tomchilatib sug‘orishda
Ekspertlarning o‘tgan asrdagi suv eng qimmat resursga aylanishi haqidagi prognozlari bugun o‘z isbotini topa boshladi.
Negaki, Suv xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, 2030 yilga borib, O‘zbekistonda 7 milliard kub metr suv tanqisligi kuzatilishi va oqibatda mamlakat dunyodagi suv tanqis bo‘lgan 33 davlat qatoriga tushib qolishi ehtimoldan yiroq emas. Bu esa qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona foydalanish, sug‘orishning tejamkor usullarini qo‘llashni jadallashtirishni taqozo etadi.
Darhaqiqat, bugungi kunda ko‘plab xorijiy davlatlar qishloq xo‘jaligida suv taqchilligi muammosiga suv tejovchi texnologiyalar orqali yechim topmoqda. Masalan, Isroilda 75-80 foiz ekin maydonlari tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tkazilgan. E’tiborlisi, O‘zbekistonda ham bu tizim ommalashib, so‘nggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi.

— O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasining rivoji, yanayam aniqrog‘i, dehqonchilik taqdiri — tomchilatib sug‘orishda, — deydi O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Suv taqchilligi tez-tez takrorlanayotgan, qurg‘oqchilik ta’siri ortib borayotgan hozirgi sharoitda sug‘orishning ushbu usuliga o‘tmasdan turib, hosil yetishtirish qiyin masala. Shuning uchun yurtimizda sug‘orishning tejamkor usuliga o‘tilyapti. Tabiiyki, bunda paxta-to‘qimachilik klasterlari lokomotiv vazifasini bajarmoqda.
Buxoro viloyatidagi “BCT Cluster” paxta-to‘qimachilik klasteri g‘o‘za maydonlarida ham tomchilatib sug‘orish tizimi yil sayin kengaytirilmoqda. Joriy yilda u 507 gektarda tatbiq qilinyapti. Buning uchun 15 ta suv tindirish hovuzini qurish, ularga obihayot yetkazib berish uchun tik quduqlar qazish, shuningdek, nasos va boshqa agregatlar o‘rnatish, quvurlarni yotqizish ishlari jadal olib borilyapti. Ushbu texnologiya ishga tushgach, ekinlarni sug‘orish va oziqlantirish uchun suv va mineral o‘g‘itlar sarfi 50 foizgacha tejalishi kutilmoqda.

Yaqinda Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Sluster” ko‘p tarmoqli klasterining yana 50 gektar g‘o‘za maydonida sug‘orishning tejamkor usuliga start berildi.
Klaster Tomchilatib sug‘orish bo‘limi boshlig‘i Abror Farmonovning aytishicha, an’anaviy sug‘orish usulidan bosqichma-bosqich voz kechilib, tomchilatib sug‘orishga o‘tilyapti. Shu maqsadda o‘tgan yillarda 1200 gektardan ortiq maydonga ushbu texnologiya tatbiq qilindi. Chunki ushbu texnologiya tufayli suv bilan birgalikda, zaruriy o‘g‘itlar ekinning ildiz qismiga uzatib beriladi. Natijada suv va o‘g‘it sarfi keskin kamayib, paxta hosildorligi o‘rtacha 30 foizgacha ko‘tariladi.
Shu kabi afzalliklar tufayli joriy yilda yana 450 gektar maydon tomchilatib sug‘orish usuliga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ana shunda ushbu klasterda tejamkor sog‘orish tizimlari joriy etilgan maydonlar umumiy hajmi 1700 gektarga yetadi.
Ta’kidlash kerakki, Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2022 yilda respublika bo‘yicha 89,8 ming gektarda tomchilatib, 16,2 ming gektarda yomg‘irlatib, 5,7 ming gektarda diskret, 72,9 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali va 36 ming gektar maydonda egatga plyonka to‘shab sug‘orish tizimlari joriy qilindi. Natijada suv sarfi tejaladigan maydonlar 1 million gektardan oshib, qishloq xo‘jaligi umumiy ekin maydonining 25 foizi qamrab olindi.

Bunday loyihalarni amalga oshirgan qishloq xo‘jaligi korxonalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani katta rag‘bat bo‘lyapti. Masalan, 2019-2022 yillarda paxta maydonlarida suvni tejashga yo‘naltirilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan 5 mingdan ortiq fermerga 138 ming 953 gektar maydonda ushbu texnologiyalarni joriy etgani uchun davlat tomonidan 1 trillion 44 milliard so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Zotan, suv taqchilligi sezilayotgan hozirgi sharoitda qishloq xo‘jaligining kelajagi va rivoji tomchilatib sug‘orishdadir.
Said RAHMONOV, O‘zA