Qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha biznes treninglar tashkil etilmoqda
O‘zbekistonda keyingi yillarda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish yo‘nalishida xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik jadallashyapti. Jumladan, qishloq hududlarini rivojlantirish, resurslardan oqilona foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday yirik tashabbuslardan biri, “O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlari va o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasidir.

Kuni kecha ushbu loyiha doirasida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO Buxoro viloyatining Jondor tumanida “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun qiymat zanjirlarini yaratish” mavzusida biznesni rivojlantirishga qaratilgan trening o‘tkazdi.
Mazkur seminarda ishtirokchilarga brending, bozor pozitsiyasini mustahkamlash va qo‘shimcha qiymat yaratish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar berildi. Bu raqobatbardosh va barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

– Qiymat zanjirlarini mustahkamlash ishlab chiqaruvchilar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega. Amaliy treninglar orqali fermer va tadbirkorlar qo‘shimcha qiymat yaratish, bozorlarga chiqish va barqaror daromad manbalarini shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi, – dedi loyiha milliy koordinatori Narimon Nishonov.

FAO axborot xizmatining O‘zAga ma’lum qilishicha, trening fermerlar dala maktabi yondashuvi asosida tashkil etilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ehtiyojlariga mos amaliy bilimlarni taqdim etdi.
Navbatdagi trening Navoiy shahrida o‘tkaziladi va hududlar bo‘ylab bilim almashish, qo‘llab-quvvatlash ishlari davom ettiriladi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA