Qish mavsumiga tayyorgarlik boshlandi
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan o‘tgan kuz-qish mavsumida tabiiy gaz ta’minotida yetishmovchiliklar kuzatilgan hududlardagi muammolar o‘rganib chiqildi.
Hozirda gaz ta’minoti tizimini 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari boshlab yuborildi. Hozirda Namangan viloyatida jami 16,3 kilometr gaz tarmoqlarida rekonstruksiya qilish, 2,3 kilometr gaz tarmoqlarida mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

– Bugungi kunda Namangan shahrining Yangi Namangan tumani hududida D-325 millimetrli 2,5 kilometr uzunlikdagi gaz tarmoqlarida rekonstruksiya ishlari boshlab yuborildi, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Shavkat Otaxonov. – Mazkur amaliy ishlar natijasida Mehnatobod, Yangi Zamin, Sihatgoh, Chamanzor, Do‘stlik, Atangan Guzar va Ishonch mahallalari hududlarida joylashgan 12 ming 554 aholi xonadonida “zangori olov” ta’minotini yaxshilanishiga erishiladi. Shuningdek, “Mahallabay” ishlash tizimi asosida gaz tarmoqlarida modernizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Bu kabi sa’y-harakatlar eng avvalo, iste’molchilarga xavfsiz va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berishga qaratilgan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.