Qish mavsumi betalafot o‘tadi
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida qishning sovuq va qirovli kunlarida isitish, elektr va gaz ta’minotida muammolar bo‘lmaydi. Bu haqda Xalq deputatlari Uchquduq tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida ma’lum qilindi.
Tumanda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga doir amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etilgan sessiyada tuman Kengashi deputatlari, hokim o‘rinbosarlari, sektorlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.

Dastlab “Issiqlik manbai” DUK tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida korxona rahbari Baxtiyor Elmurodov hisobot berdi. Ta’kidlanganidek, tumandagi 6 ta uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyati tugatilib, ular o‘rnida 6 ta Boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etildi. Bugungi kunda ular 305 ta ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatmoqda. Tumanda 25 ta ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 992 million so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Uning 491 million so‘mi Boshqaruv servis kompaniyalari, 501 million so‘mi esa Respublika byudjeti mablag‘laridan sarflanishi rejalashtirilgan.

Sessiya ishida tuman gaz idorasi rahbari Zulfiqor Mo‘minovning joriy yil davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti tinglandi. Gaz idorasi tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida 5,5 kilometr uzunlikdagi gaz quvurlari, 5 dona gazgolder uskunalari bo‘yoqlangan bo‘lsa, 3,2 kilometr gaz quvurlari bosim ostida sinalib, tozalandi. 8 dona gaz yopqichlar, 14 dona gaz taqsimlash, 14 dona gazgolder qurilmasi, 2 dona monometr qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazildi.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Moldabek Abdukarimov ta’kidlaganidek, tumanda joriy yilda 240 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari joriy, 31,4 kilometri esa mukammal ta’mirlandi. 30 dona transformator punktlarida joriy, 16 dona transformator punktlarida esa mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida 4 ta brigada tashkil etilib, barcha sharoitlar yaratib berilgan.

Sessiyada tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish yuzasidan 2023 yil 11 oyi davomida olib borilgan ishlar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar muhokama etildi. Deputatlar ko‘rilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, tegishli qarorlar qabul qildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri