Qish eshik qoqmoqda: siz bunga tayyormisiz?
Jizzax viloyatidagi ta’lim muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilmoqda? Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli 558 ta umumta’lim, shu jumladan, 4 ta maxsus maktab-internat, 14 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi va 1 ming 514 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, shundan 235 ta davlat va 1 ming 279 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida qishga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?
Ana shu savollarga javob topish maqsadida Jizzax viloyat Maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi qurilish bo‘limi boshlig‘i Ahmad Jaynakovga murojaat qildik.
– Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasiga qarashli 790 ta ta’lim-tarbiya tashkilotidan 72 tasi tabiiy gaz, 718 tasi ko‘mir yoqilg‘isi bilan isitiladi, – deydi Ahmad Jaynakov. – Viloyat moliya boshqarmasidan umumta’lim maktablari va bog‘chalar uchun ko‘mir mahsulotiga jami 12 million 648 ming 812 so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 30 ming 801 tonna sifatli ko‘mir mahsuloti joylarga yetkazib berildi.
Viloyat MMTBga qarashli 790 ta MTT va umumta’lim maktablarida joriy ta’mirlash ishlari 100 foiz bajarildi, shundan belgilangan 1 ming 645 kvadrat metr almashtirildi, faqat Paxtakor tumanidagi “Obod mahalla” dasturiga tushgan 8-maktabda so‘nggi ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, rejadagi 685 pagonometr ichki isitish tarmoqlari to‘liq ta’mirdan chiqarildi hamda 780 kvadrat metr singan oynalarni almashtirish ishlari ham bajarildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 apreldagi “Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mahalliy hokimliklar tomonidan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli jami 322 ta, shundan 123 ta MTT va 199 ta umumta’lim maktabiga ko‘mir yoqilg‘isi bilan ishlaydigan isitish qozonlari o‘rnatilishi belgilangan bo‘lib, shulardan 212 tasi foydalanishga topshirilgan.
Viloyatdagi 82 ta, shundan 18 ta MTT va 64 ta umumta’lim maktabi isitish tizimi davlat -xususiy sherikchiligi asosida tadbirkorlarga berilgan bo‘lib, bugungi kunda jami 44 ta, shundan 9 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 35 ta umumta’lim maktabi lokal isitish tizimiga, ya’ni ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilib, isitish qozonlari almashtirilgan.
Prezidentimizning joriy yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shu bugungi kunga qadar viloyatdagi jami 109 ta, shundan 80 ta umumta’lim maktabiga, 26 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga va 3 ta boshqa ta’lim tizimidagi ob’ektlarga quyosh panellari o‘rnatilgan.
<iframe width="887" height="499" src="https://www.youtube.com/embed/TMej0VwJ8ZY" title="Қиш эшик қоқмоқда: сиз бунга тайёрмисиз?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>– Ayni paytda tumanda 14 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 19 ta umumta’lim va 1 ta ixtisoslashgan hamda 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat yuritmoqda, – deydi Paxtakor tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudirasi Madina Turg‘unova. – Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 apreldagi “Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va umumta’lim maktablari bosqichma-bosqich lokal isitish tizimi – ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilib, isitish qozonlarini almashtirish ishlari oxiriga yetkazilmoqda.
Bulardan tashqari, tumandagi mavjud bog‘chalarning 4 tasiga, maktablarning 9 tasiga mahalliy hokimlik tomonidan quyosh panellari o‘rnatilib, qolgan o‘quv muassasalariga ham o‘rnatish ustida ish olib borilmoqda. Tuman MMT bo‘limi mudirasining ta’kidlashicha, “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 8-sonli umumta’lim maktabining tom qismini almashtirish ishlari yaqin kunlarda nihoyasiga yetkaziladi.
[gallery-14176]
Tumandagi 20-sonli umumta’lim maktabining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi reja asosida olib borilmoqda. Ushbu o‘quv muassasasi 2021-2022 o‘quv yilida foydalanishga topshirilgan. Maktab uchun zarur ko‘mir zaxirasi yaratilgan. Gaz bilan ishlagan isitish qozonlari ko‘mir yoqilg‘isi bilan ishlaydiganlariga almashtirilgan.
Biroq isitish qozonidan chiqadigan tutun (is) uchun kerakli o‘lchamdagi dud burunlari yangisiga almashtirilmaganligiga guvoh bo‘ldik. Shu kabi holat 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ham kuzatildi. Ushbu MTT metodisti Feruza Qo‘shboqovaning aytishicha, bog‘chaga qish mavsumi uchun 40 tonna ko‘mir yetkazib berilgan, eshiklar hammasi mustahkamlanib, qish mavsumiga tayyor holatga keltirilgan.
Paxtakor tumanidagi 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 2 ta umumta’lim maktabidagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasidagi kamchiliklarni, oz fursatda bartaraf etish mumkin. Ammo shu kabi kamchiliklar viloyatdagi mavjud 790 ta MTT va maktablarning ayrimlarida ham uchramasligiga hech kim kafolat bermaydi. Tuman va shahar hokimlari, o‘z hududlaridagi bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy ob’ektlarning qishga tayyorligini, qorli-qirovli sovuq kunlar boshlanmay jiddiyroq nazoratga olishi zarur.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari