Qish-bahor mavsumida narx-navo barqaror bo‘ladi
Joriy yilning oktyabr oyida xalq deputatlari Surxondaryo viloyat, tuman va shahar kengashlarining sessiyasida sektorlar rahbarlarining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozordagi narx-navo asossiz o‘sib ketishining oldini olish borasida amalga oshirayotgan ishlari haqidagi hisobotlari tinglanib, qish-bahor faslida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolotli ta’minlash bo‘yicha aniq hisob-kitobga asoslangan chora-tadbirlari taqdimotlari o‘tkazilgan edi.
Qishning sovuq kunlari eshik qoqayotgan shu kunlarda quyuq va’dalar bajarilayaptimi?
– Bu masalada xavotirga o‘rin yo‘q, – deydi viloyat hokimligining axborot xizmati rahbari Z.To‘rayev. – Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki iste’mol bozorini birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli to‘ldirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar viloyat rahbari tomonidan hokimlik soati yig‘ilishlarida atroflicha muhokama etilib, belgilangan muddatlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shu maqsadda iste’mol bozorini qish-bahor mavsumida kafolatli to‘ldirishga 253 ta hududiy tayyorlov tashkiloti jalb etilgan. Qishning qirovli va bahorning ilik uzuldi kunlarida vohadagi oziq-ovqat bozorlarida narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida amalga oshirilayotgan bu ishlar o‘z samarasini berishiga yetarli asos bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy soha muassasalari uchun davlat buyurtmasi asosida rejalashtirilgan 1 ming 16 tonna asosiy turdagi to‘rtta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi to‘liq shakllantirildi. Shu kunlarda tayyorlov tashkilotlari ichki iste’mol bozori uchun davlat buyurtmasining asosiy turdagi to‘rtta oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratishni ortig‘i bilan yakunlashga taraddud ko‘rmoqda. Jumladan, mavsum uchun 19 ming 941 tonnadan ortiq kartoshka, 11 ming tonnadan ziyod piyoz, to‘rt ming tonnaga yaqin guruch va 6 ming 258 tonna sabzi g‘amlandi.
Ayni paytda zaxiraga olingan oziq-ovqat mahsulotlari 74 ming 110 tonna sig‘imga ega 110 dan ortiq sovutkichli kamera va 4 ming 600 tonna mahsulotga mo‘ljallangan 17 ta omborda sifatli saqlanmoqda. Shuningdek, aholini go‘sht, shakar, o‘simlik yog‘i va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar ham qish-bahor faslida bozorlarda narx-navo asossiz o‘sib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA