Qirg‘izistonlik yoshlar Andijonda jam bo‘ldi
Andijonda “Markaziy Osiyo yoshlar forumi” doirasida "O‘zbekiston-Qirg‘iziston" yoshlar forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Andijon temiryo‘l vokzalida "O‘zbekison – Qirg‘iziston" yoshlari forumida qatnashish uchun Qirg‘izistondan tashrif buyurgan yoshlar tantanali kutib olindi.

Ikki qo‘shni xalq milliy kuy va qo‘shiqlari yanragan kutib olish tadbiri haqiqiy yoshlar bayramiga aylandi. Qirg‘izistonlik mehmonlar joylashgan Andijon shahridagi “Vella Elegant” mehmonxonasi konferens-zalida bo‘lib o‘tgan muloqotda ikki qo‘shni xalq, umuman, Markaziy Osiyo davlatlari yoshlari o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xalqaro yoshlar forumining maqsadi, ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

–Yoshlar har qanday davlatning ertasi, porloq kelajagini ta’minluvchi ulkan kuch, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Oybek Yuldashev. – Ana shu kuch, do‘stlik, hamkorlik aloqalari qanchalik mustahkamlansa, nafaqat yurtimiz, balki mintaqa, ya’ni Markaziy Osiyo taraqqiyoti yanada yuksalishiga aslo shubha yo‘q.

O‘zbek va qirg‘iz yoshlarining faol ishtirokida o‘tgan muloqot fikrlar, maqsadlar uyg‘unligini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng qirg‘izistonlik yoshlar Andijon shahridagi "Yoshlar texnoparki" faoliyati bilan tanishdi.

Yoshlarning IT sohasidagi bilim va salohiyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan, eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan Andijon shahridagi “Yoshlar texnoparki”da qator loyihalar doirasida yoshlar 3D modellashtirish, robototexnika, grafik dizayn va dasturlash yo‘nalishlari va boshqa zamonaviy kasblarga o‘qitilmoqda.

Forum qatnashchilari "Yoshlar texnoparki" hamda bu yerda tashkil etilgan "Ishga marhamat" monomarkazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Markazda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish, tadbirkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zaro tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan "O‘zbekiston – Qirg‘iziston" yoshlari forumi qatnashchilari yurtimizdagi mahallabay ishlash tizimi bilan tanishish, mahallalarda joriy etilgan yoshlar yetakchisi lavozimi va ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Andijon shahridagi “Barkamol” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

Yoshlar yetakchisi tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi, mahallada faoliyat olib borayotgan tadbirkor, hunarmand yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazildi. Shundan so‘ng forum qatnashchilari ishtirokida Andijon shahridagi “Ekopark”da madaniy ko‘ngilochar tadbir o‘tkazildi.
Qirg‘izistonlik yoshlar shu kuni Andijon shahridagi 350 nafar tomoshabinga mo‘ljallangan, maydoni 20x40 metr bo‘lgan, zamonaviy, barcha qulayliklarga ega "Ise rink" muz saroyida bo‘lishdi. Qishki sport turlarini rivojlantirish, madaniy tadbirlar o‘tkazishga ixtisoslashgan mazkur majmua mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Andijonda "O‘zbekiston – Qirg‘iziston" yoshlar forumi davom etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),O‘zA