Qirg‘izistonda qor ko‘chdi
Kecha tunda Qirg‘izistonning Too-Ashuu dovonida ikki marta qor ko‘chkisi yuz berib, olti yengil avtomobil va bir kichik avtobusni bosib qolgan.
Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Boobek Ajikeyevning so‘zlariga ko‘ra, to‘liq qor ostida qolgan bir mashinadan qutqaruvchilar 4 kishini chiqarib olgan. Jabrlanganlar orasida hushidan ketgan ayol ham bor edi. U zudlik bilan shifoxonaga yetkazildi.

Transport va kommunikatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan Bishkek – O‘sh trassasi 132-kilometrida yo‘lning bir qismi tozalandi. Mahalliy vaqt bilan soat 22:10 da “Sosnovka” transport nazorati nuqtasida yo‘lovchi tashiydigan mashinalar harakatiga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi.

Avvalroq Jalolobod viloyati Chotqol tumanidagi Oq-Soy tog‘li hududida yuz bergan fojia natijasida olti kishi ko‘chki ostida qolib, halok bo‘lgandi. Avgust oyida ham Qirg‘iziston tog‘larida qor ko‘chib, bir guruh alpinistlarni bosib qolgan. Ular orasida Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari ham bo‘lgan.